Sud boshqaruvchilari faoliyati samaradorligi oshiriladi
Davlatimiz rahbarining “To‘lovga qobiliyatsizlik institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan 2026-yil 1-iyuldan Sud boshqaruvchilari palatasi, Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti hamda qonunchilikda belgilangan talablarga javob beradigan boshqa ta’lim muassasalariga sud boshqaruvchilarini tayyorlash huquqi beriladi.
Sud boshqaruvchilari palatasiga sud boshqaruvchisining palataga a’zoligini to‘xtatish yoki a’zolikdan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilish va shu munosabat bilan uni o‘z vazifasini bajarishdan ozod qilish haqida sudga murojaat etish huquqi beriladi.
Sud boshqaruvchisi o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda, sud kreditorlar yig‘ilishining qaroriga asosan sud boshqaruvchisiga to‘lanadigan haq miqdorini kamaytirishga haqli.
Sud boshqaruvchilariga to‘lanadigan haq miqdori bazaviy va natijaga (KPI) bog‘liq qismlarga ajratiladi. Bunda, natijaga bog‘liq haq, shu jumladan, sanatsiya rejasida belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish darajasidan kelib chiqib to‘lanadi.
2026-yil 1-sentabrdan sudgacha sanatsiya davrida banklar (kreditorlar) qarzdor bilan tuzilgan kelishuvga asosan kelishuvda belgilangan muddatga va faoliyatini tiklashga qaratilgan sanatsiya rejasini bajarish sharti bilan kreditlar bo‘yicha foizlarni hisoblash va (yoki) to‘lashni to‘xtatib turishi, keyinchalik sanatsiya rejasiga muvofiq restrukturizatsiya qilishi yoxud kreditni restrukturizatsiya qilishning boshqa choralarini ko‘rishi mumkin.
Sud sanatsiyasi davrida sanatsiya rejasiga muvofiq va kreditorlar yig‘ilishi (qo‘mitasi) roziligi bilan sud ajrimi asosida qarzdorning kreditlar bo‘yicha foizlarini hisoblash va (yoki) to‘lash to‘xtatib turilishi, keyinchalik esa sanatsiya rejasida belgilangan tartibda restrukturizatsiya qilinishi yoxud kreditni restrukturizatsiya qilishning boshqa choralari ko‘rilishi mumkin.
Soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashda garov mulki, bank kafolati yoxud sug‘urta polisi taqdim etilganda, moliyaviy holati va istisno etuvchi holatlar mavjudligidan qat’i nazar, soliq organlari tomonidan soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi.
Soliq organlariga soliq to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash to‘g‘risidagi arizalar Soliq organlarining elektron davlat xizmatlari portali orqali taqdim etiladi hamda ularni ko‘rib chiqish muddati 30 kundan 20 kunga qisqartiriladi.
2026-yil 1-dekabrdan to‘lovga qobiliyatsizlik jarayonlarini onlayn monitoring qilish imkonini beradigan To‘lovga qobiliyatsizlik ishlarini yuritishning yagona elektron platformasi ishga tushiriladi.
N.Abduraimova,
O‘zA