Standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitalar — global bozorga integratsiyalashuvning strategik omili
Bugungi globallashuv davrida Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayonida texnik to‘siqlarni bartaraf etish milliy iqtisodiyotning ustuvor vazifasiga aylandi. JSTning Savdodagi texnik to‘siqlar (TBT) kelishuvi standartlashtirishning shaffofligi va xalqaro uyg‘unligini talab etadi. Bugungi kunda xalqaro standartlar shunchaki texnik hujjat emas, balki global bozorda "o‘yin qoidalari"ni belgilovchi strategik vositadir. ISO/IEC Guide 59 tamoyillariga ko‘ra, standartlashtirish jarayonida ishtirok etmaslik o‘zgalar tomonidan belgilangan va ba’zan milliy manfaatlarga zid bo‘lgan qoidalarni qabul qilishga majbur bo‘lish demakdir. O‘zbekiston uchun texnik qo‘mitalar faoliyatini transformatsiya qilish iqtisodiy suverenitetni mustahkamlashning asosiy shartidir.

Texnik qo‘mitalarning ikki tomonlama funksiyasini tushunish muhim ahamiyat kasb etadi. Eksportni rag‘batlantirish borasida, milliy ekspertlarning ISO qo‘mitalarida ishtirok etishi mahalliy mahsulotlarning texnik xususiyatlarini xalqaro standart loyihalariga kiritish imkonini beradi. Bu “Made in Uzbekistan” belgisi ostidagi mahsulotlarning xorijiy bozorlarga to‘siqsiz kirishini ta’minlaydi.
Ichki bozorni himoya qilish borasida esa, kuchli texnik qo‘mitalar ilmiy asoslangan milliy talablar va texnik reglamentlar orqali ichki bozorni sifatsiz, arzon va xavfli import mahsulotlaridan himoya qiluvchi “intellektual qalqon” vazifasini o‘taydi.
“Oyna qo‘mita” (Mirror Committee) — milliy darajada ma’lum bir xalqaro texnik qo‘mitaning (masalan, ISO/TC 67 yoki IEC/TC 82) faoliyatini monitoring qiluvchi va milliy pozitsiyani shakllantiruvchi ekspertlar guruhi.
Yurtimizda standartlar fondini JST talablariga moslashtirish bo‘yicha 15 ta texnik qo‘mita tomonidan 3087 ta standart to‘liq tahlil qilindi. Natijada, standartlarning 39,6 foizi (1224 tasi) xalqaro talablarga javob bermasligi sababli bekor qilinishi belgilandi. Bu jarayonda ayniqsa, axborot texnologiyalari (90 foiz) va elektrotexnika (89 foiz) sohalarida eskirgan normativ hujjatlardan voz kechish ko‘rsatkichi eng yuqori bo‘ldi.
Hozirgi davrda ISO tizimida O‘zbekiston Respublikasi nomidan 63 ta xalqaro texnik qo‘mitada to‘laqonli a’zo (P-member) sifatida ovoz berish huquqi qo‘lga kiritildi. Shuningdek, 267 ta qo‘mitada kuzatuvchi (O-member) maqomida faoliyat yuritilmoqda.
IEC tizimida 4 ta strategik muhim texnik qo‘mitada (TS 14 “Kuch transformatorlari”, TS 20 “Elektr kabellari”, TS 61 “Maishiy elektr asboblari xavfsizligi”, TS 82 “Quyosh fotoelektrik energiya tizimlari”) milliy ekspertlarimiz to‘laqonli a’zo sifatida xalqaro standartlarni ishlab chiqish va ovoz berish jarayonlarida ishtirok etmoqda. 63 ta xalqaro qo‘mitada O‘zbekiston ovoz berish huquqiga ega. Demak, biz endi standartni shunchaki qabul qilmaymiz, balki uning taqdirini belgilaymiz.
Davlatlararo (MGS) va xalqaro (ISO, IEC) qo‘mitalarda 200 dan ortiq milliy ekspertlarimizning jalb etilishi "intellektual eksport"ning ilk bosqichidir.
Standartlashtirish jarayonlarining shaffofligini ta’minlash maqsadida tris.uz milliy axborot tizimi ishga tushirilib, barcha TQ mas’ul kotiblariga xalqaro tizimlar bilan integratsiyalashgan holda ishlash imkoniyati yaratildi.
Xitoyning 781 ta va Turkiyaning 174 ta qo‘mitadagi to‘laqonli a’zoligi fonida, O‘zbekistonning ko‘rsatkichi qisqa vaqtda 63 taga chiqqani shuni anglatadiki, O‘zbekiston standartlashtirish sohasida “kuzatuvchi”likdan “qaror qabul qiluvchi” davlatga o‘tish sur’atini tezlashtirmoqda.
O‘zbekiston uchun texnik qo‘mitalar shunchaki texnik organ emas, balki global bozorda milliy manfaatlarni himoya qiluvchi va milliy mahsulotlarni dunyoga olib chiquvchi strategik qalqondir.
Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, 2025-yil holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning 63 ta xalqaro TQdagi to‘laqonli a’zoligi (P-member) tizimli rivojlanish boshlanganini ko‘rsatadi. Biroq eksport salohiyatini oshirish uchun nafaqat a’zo bo‘lishimiz, balki strategik sohalarda (masalan, meva-sabzavot, neft-gaz, elektrotexnika) Kotibiyat (Secretariat) maqomini qo‘lga kiritishga intilishimiz shart.
Umid Shojalilov,
O‘zbekiston standartlar instituti
Texnik to‘siqlarni bartaraf etish va
texnik qo‘mitalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari