Sport va hunarmandchilik turizm salohiyatini oshirmoqda
Toshkent shahrida Mudofaa vazirligi boshchiligida tashkil etilgan Xalqaro kurash chempionati doirasida milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Bugungi kunda sport va milliy hunarmandchilikning yagona maydonda tutashishi nafaqat yurtimizning turizm salohiyatini yangi bosqichga olib chiqmoqda, balki boy madaniy merosimizni dunyoga tanitishning o‘ziga xos brendiga aylandi. Ushbu uyg‘unlik sayyohlar va mahalliy aholi uchun ham shiddatli sport bahslaridan zavqlanish, ham milliy hunarmandchilikning sirli olamiga sho‘ng‘ish imkonini bermoqda.

Sport muxlislari va sayyohlar uchun ham jismoniy bellashuvni, ham madaniy merosni bir joyda tomosha qilish imkoniyatini berish maqsadida tashkil etilgan кўргазмада hunarmandlarimiz tomonidan tayyorlangan milliy hunarmandchilik buyumlari, qo‘l mehnati asosida yaratilgan nafis va o‘ziga xos mahsulotlar namoyish etildi.

Tadbirda qayd etilganidek, bu kabi tadbirlar orqali milliy hunarmandchiligimizni keng targ‘ib qilish, hunarmandlar mehnatini ommalashtirish hamda xalqimizning boy madaniy merosini xorijiy mehmonlarga tanishtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda.
Milliy hunarmandchiligimiz xalqimizning qadimiy an’analari va bugungi ijodkorlik uyg‘unligidir.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA