Mahkuma ayollar ishtirokida ochiq muloqot
Viloyat hokimining o‘rinbosari – viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Dinara Yaqubova boshchiligida uyushtirilgan uchrashuvda yuristlar, advokatlar va psixologlardan iborat ishchi guruh vakillari ishtirok etishdi.
Namanganda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash hamda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida O‘zbekiston respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi jazoni ijro etish departamentiga qarashli 6-son tergov hibsxonasida saqlanayotgan 23 nafar xotin-qiz bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.

Viloyat hokimining o‘rinbosari - viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Dinara Yaqubova boshchiligida uyushtirilgan uchrashuvda yuristlar, advokatlar va psixologlardan iborat ishchi guruh vakillari ishtirok etdi.

Tadbir davomida mahkumalarning muammolari o‘rganilib, ularning axloqiy-ruhiy holatini sog‘lomlashtirish, huquqiy ongi va dunyoqarashini yuksaltirish, ijtimoiy muammolarini hal etish yuzasidan tavsiyalar berildi. Shuningdek, ularga tibbiy va yuridik xizmatlar hamda psixologik ko‘mak ko‘rsatildi.

Qolaversa, jazo muddatini o‘tayotgan voyaga yetmagan yoshlar bilan ham suhbatlashildi. Muloqot jarayonida hayotning bebaho ne’mat ekanligi, ota-ona mehri va qadri, Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat hamda o‘zbek yigitlariga xos jasorat va matonat xususida ma’naviy-ma’rifiy tushunchalar berildi.

Tadbir yakunida, Namangan viloyati oila va xotin-qizlar boshqarmasi psixologi tomonidan ishtirokchilar uchun psixologik trening o‘tkazilib, ularning ruhiy holatini yaxshilash va kelajakka ishonchini mustahkamlashga qaratilgan mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.