Sport — jamoaviy ruh va sog‘lom hayot mezoni
Bugun mamlakatimizda aholi, ayniqsa, mehnat jamoalari o‘rtasida sport va sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, jismoniy faollikni oshirish, inson salomatligini asrashga qaratilgan ezgu tashabbuslar tobora keng quloch yoymoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan sog‘lom va faol hayot tarzini qaror toptirish, sportni har bir jamoa va har bir inson hayotining ajralmas qismiga aylantirish borasidagi vazifalar bugun amaliyotda o‘zining yorqin ifodasini topmoqda.
Ayni maqsadlarga uyg‘un ravishda Buxoro shahridagi “Humo” sport majmuasida suv xo‘jaligi tizimi tashkilotlari xodimlari o‘rtasida futzal bo‘yicha “Suv xo‘jaligi vaziri kubogi” musobaqasining mintaqaviy bosqichi ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
Ushbu musobaqa oddiy sport bellashuvi emas, balki bir tizimda mehnat qilayotgan fidoyi insonlarni bir maydonda jamlagan, ular o‘rtasida hamjihatlik, do‘stlik va o‘zaro hurmatni yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgan muhim tadbir bo‘ldi.
Mintaqaviy bosqichda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy va Buxoro viloyati suv xo‘jaligi tashkilotlarida o‘tkazilgan saralash bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan eng kuchli jamoalar respublika bosqichiga yo‘llanma uchun bahs olib bordi.
Musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, “Chapqirg‘oq-Amudaryo” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi, “Amudaryo-Buxoro” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi, “Quyi-Zarafshon” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi hamda “Amudaryo-Buxoro mashina kanali” boshqarmasi jamoalari ishtirok etdi.

Har bir uchrashuvda sportchilarning nafaqat jismoniy tayyorgarligi, balki tezkor fikrlashi, vaziyatni to‘g‘ri baholay olishi, sherigiga ishonishi va bir maqsad sari jamoaviy harakat qilishi yaqqol namoyon bo‘ldi. Maydonda kechgan har bir daqiqa muxlislar uchun kurash, matonat va irodaning o‘ziga xos ko‘rinishiga aylandi.
Ayniqsa, hal qiluvchi final uchrashuvi haqiqiy sport shiddati bilan kechdi. Unda “Amudaryo-Buxoro” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi hamda “Quyi-Zarafshon” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi jamoalari g‘oliblik uchun maydonga tushdi.
Murosasiz va keskin kechgan bahsda har ikki jamoa ham g‘alaba uchun bor kuch va mahoratini ishga soldi. Sportchilarning har bir harakati, har bir zarbasi va har bir to‘p uchun kurashi bellashuvning haqiqiy final darajasida o‘tganidan dalolat berdi.

Yakunda esa “Amudaryo-Buxoro” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi jamoasi munosib g‘alabaga erishib, musobaqaning mintaqaviy bosqichida birinchi o‘rinni egalladi. Shu tariqa buxorolik suv xo‘jaligi xodimlari respublika bosqichida viloyat sharafini himoya qilish huquqini qo‘lga kiritishdi.
Musobaqa yakunida faol ishtirok etgan jamoalar hamda g‘oliblarga tashkilotchilarning qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri