Obodlikdan boshlanadi Vatanga ehtirom
Mustaqillik bayrami yaqinlashgan sari yurtimizning shaharu qishloqlarida, mahallamizu ko‘chalarimizda o‘zgacha fayz paydo bo‘ladi. Ko‘chatlar ekilgan, ariqlar tozalangan, atrofi sarishta qilingan har bir maskanda bayram shukuhi bilan birga Vatanga bo‘lgan ehtirom ham namoyon bo‘ladi.
Jizzax viloyatidagi suv xo‘jaligi ob’ektlarida kechayotgan “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari ham ana shu ezgu kayfiyatning amaliy ifodasiga aylanmoqda.
Suvchi uchun obodlik tushunchasi begona emas. Uning kundalik mehnati zamirida hamisha tartib, mas’uliyat va osoyishtalik bor. Kanal o‘zani toza bo‘lsa, gidrotexnika inshooti soz holda ishlasa, uning atrofi sarishta tutilsa, suvning manziligacha bezavol yetib borishi uchun ham qulay sharoit yaratiladi.

Ayni kunlarda viloyatdagi suv xo‘jaligi tizimi tashkilotlari xodimlari kanallar, gidrotexnika inshootlari va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish, chiqindilardan tozalash, sanitar holatini yaxshilash va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga faol jalb etilgan. Bu jarayonni shunchaki navbatdagi hashar, deb baholab bo‘lmaydi. Zero, har bir tozalangan kanal yoqasi, tartibga keltirilgan inshoot va ko‘chat ekilgan hudud ortida yurtga daxldorlik tuyg‘usi mujassam.

Bu ishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar bilan hamohang. Qarorda mustaqillikning 35 yilligini “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh g‘oya asosida yuksak saviyada nishonlash, bayramga tayyorgarlik ishlarini mahallalar, qishloqlar, ovullar, vazirlik va idoralar tizimida ham munosib tashkil etish vazifalari belgilangan.

Jizzax suvchilari uchun bu vazifalar qog‘ozdagi bandlar emas, kundalik mehnatda o‘z aksini topayotgan amaliy maqsaddir. Ob’ektlarni tartibga keltirish barobarida ularning texnik va sanitar holatiga e’tibor qaratilayotgani esa bir qarashda oddiy tozalash ishining ortida ancha katta mas’uliyat turganini ko‘rsatadi.
Chunki suv xo‘jaligi inshootlari — faqat beton, temir va tuproqdan iborat ob’ektlar emas. Ularning har biri ortida qishloq xo‘jaligi ekinlari, dehqon mehnati, rizq-ro‘zg‘or va odamlarning ertangi kuniga daxldor ulkan vazifa bor. Shuning uchun bu inshootlarni asrash, ularni soz va ozoda holda saqlash — ayni paytda odamlar manfaatiga xizmat qilishdir.

“Dolzarb 40 kunlik” davomida olib borilayotgan ishlar ham ana shu tushunchani mustahkamlamoqda. Tizim xodimlari o‘z ish joyini obod etar ekan, nafaqat bayramga tayyorgarlik ko‘rmoqda, balki yil davomida foydalaniladigan ob’ektlarning holatini yaxshilashga ham hissa qo‘shmoqda.

Zero, Vatanga muhabbat faqat balandparvoz so‘zlarda emas, uning har qarichini asrashda, har bir maskanini obod qilishda, xalq manfaatiga xizmat qiladigan ishni sidqidildan bajarishda namoyon bo‘ladi.
Jizzax suvchilari “Dolzarb 40 kunlik”da ana shu haqiqatni o‘z mehnatlari bilan ifoda etmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri