Sport har bir inson hayotining ajralmas qismiga aylantiriladi
Kuni kecha Prezidentimiz raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga olib chiqish, aholini ommaviy sportga keng jalb etish, seleksiya va tayyorgarlik tizimini takomillashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda shu paytgacha sohada erishilgan ulkan natijalar e’tirof etilib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi, bir qator tashabbuslar ilgari surildi.
Mazkur yig‘ilishda belgilangan maqsad-vazifalarning ahamiyati haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shahnoza Xolmaxamatova o‘z munosabatini bildirdi:
— Bugungi kunda sport bu shunchaki musobaqalar emas, balki sog‘lom turmush tarzi, yoshlar tarbiyasi, intizom va Vatan nufuzini yuksaltiruvchi strategik sohadir. Prezidentimiz raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga olib chiqish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aynan shu yondashuv asosida bir qator muhim vazifalar belgilab berildi.

Birgina o‘tgan yilda sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda 452 ta oltin, 418 ta kumush va 501 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi. Ularning 50 nafardan ziyodi jahon va Osiyo rekordlarini yangiladi. Bu natijalar keyingi yillarda sportga qaratilgan e’tibor va yaratilgan keng imkoniyatlarning amaliy samarasidir.
Endilikda vazifalar ko‘lami yanada keng va mas’uliyatli. Avvalo, ommaviy sportni rivojlantirishda endi faqat qamrov bilan cheklanib qolmasdan, balki real natija, ya’ni aholi salomatligi asosiy mezon bo‘lishi lozimligi alohida ta’kidlandi. “Salomatlik balansi” va “sog‘lom hayot volontyorlari” tizimi orqali sport har bir mahallaga kirib boradi. Bu esa yurak-qon tomir kasalliklari va diabet kabi xastaliklarning kamayishiga, aholi salomatligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Yana bir muhim yo‘nalish — “mahalla – maktab – sport muassasasi – federatsiya” zanjiri asosida yangi seleksiya tizimini joriy etishdir. Bu tizim iqtidorli yoshlarni erta aniqlash, ularni professional sportga yo‘naltirish va yuqori natijalarga olib chiqishda uzluksizlikni ta’minlaydi. Zero, iqtidorlar mahallada shakllanadi, maktabda saralanadi, sport muassasalarida rivojlanadi va federatsiyalar orqali katta maydonga chiqadi.
Shuningdek, sport maktablari va oliygohlarda natijadorlikni oshirish, murabbiylar faoliyatini aniq mezonlar asosida baholash hamda ularning moddiy rag‘batini kuchaytirish orqali sifatli kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi. Endi natija bor joyda rag‘bat, mas’uliyat bor joyda esa yuqori samaradorlik bo‘ladi.
Yana bir muhim jihat — sportni iqtisodiy jihatdan jozibador sohaga aylantirish. Xususiy sektor uchun yaratilayotgan soliq imtiyozlari, sport infratuzilmasini davlat-xususiy sheriklik asosida rivojlantirish, futbol va boshqa sport turlarida muxlislar oqimini oshirishga qaratilgan yangi yondashuvlar buning yaqqol ifodasi.
Zamonaviy yondashuv sifatida sun’iy intellekt asosida sportchilar va murabbiylar faoliyatini tahlil qilish, ilm-fanni bevosita amaliy natijaga yo‘naltirish vazifasi ham sportni ilmiy asosda rivojlantirish imkonini beradi.
Eng muhimi, ushbu yig‘ilish sportni har bir inson hayotining ajralmas qismiga aylantirish, sog‘lom jamiyatni shakllantirish va O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirish yo‘lida muhim burilish nuqtasi bo‘lib xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova yozib oldi.
O‘zA