Sport bayrami ezgu tashabbuslarga ulandi (+video)
Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi 9-umumta’lim maktabida o‘ziga xos sport va ekologiya bayrami bo‘lib o‘tdi.
Tadbir ertalab maktab jamoasi, sektor rahbarlari va mahalla faollari ishtirokida “5 ming qadam” yurish marafoni bilan boshlandi. Bu kabi aksiyalar aholining jismoniy faolligini oshirish, kamharakatlilik bilan bog‘liq kasalliklarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shuningdek, maktab o‘quvchilari va maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari sportning turli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z mahoratini namoyon etdi. “Quvnoq startlar” va jamoaviy o‘yinlar bolalarda sportga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi.
[gallery-28866]
— Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan farmon va qarorlar ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etmoqda, - deydi Paxtakor tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Madina Turg‘unova. — Maktablarda har juma kuni “Sog‘lom tanda — sifatli ta’lim” shiori ostida “Sport kuni” tadbirlari o‘tkazilmoqda. Bugungi tadbir ham ana shu ezgu tashabbusning davomidir.
Tumandagi 13 ming 500 nafardan ortiq o‘quvchining 13 ming nafari “Besh tashabbus” platformasi orqali sportning 9 ta yo‘nalishi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tib, muntazam mashg‘ulotlarda qatnashmoqda. Mutasaddilar yil yakuniga qadar barcha o‘quvchilarni sport to‘garaklariga jalb etib, qamrovni to‘liq ta’minlashni maqsad qilgan.
Sport tadbirlaridan so‘ng maktab hududida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Rahbarlar va bitiruvchilar bog‘i” tashkil etildi. Tuman rahbarlari va bitiruvchi yoshlar ishtirokida manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Bu tashabbus yoshlarda ekologik mas’uliyatni kuchaytirish, tabiatga ehtiyotkor munosabatni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Bunday tadbirlar Besh muhim tashabbus doirasida yoshlarning jismonan sog‘lom, ma’nan barkamol bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qilmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/PyhkuyW7V7I" title="Sport bayrami ezgu tashabbuslarga ulandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Jamshid YORBEKOV (surat va video), O‘zA