Soliqqa oid qoidabuzilish tan olinsa, ish sudgacha bormaydi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar dastlab davlatimiz rahbarining poytaxtimizdagi Amir Temur xiyoboniga tashrifi va unda ilgari surilgan taklif-tashabbuslar ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Qayd etilganidek, bu yil Amir Temur tavalludining 690 yilligi keng nishonlandi. Sohibqironning “Kuch – adolatda” degan shiori bugun ham Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarda muhim dasturiy ahamiyat kasb etmoqda.
Deputatlar “Temuriylar tarixi” davlat muzeyi tubdan rekonstruksiya qilinib, zamonaviy texnologiyalar bilan boyitilganini e’tirof etdilar. Muzeyda interaktiv ekspozitsiyalar, 3D formatdagi namoyishlar joriy qilinib, ajdodlar merosini keng targ‘ib etish uchun barcha sharoitlar yaratilgani yosh avlod vakillari uchun ayni muddao bo‘lgani ta’kidlandi.
Yig‘ilishda tadbirkorlarga yengilliklar yaratishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Ushbu hujjat bilan Iqtisodiy protsessual hamda Soliq kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, soliq to‘lovchi tadbirkorlik sub’ekti o‘z huquqbuzarligini tan olgan va e’tiroz bildirmagan hollarda, uning bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish hamda kamchiliklar bartaraf etilgandan so‘ng cheklovlarni bekor qilish vakolati bevosita soliq organlariga berilishi belgilanmoqda. Maqsad qoidabuzilish tan olinsa, ish sudgacha bormaydi. Bu jarayonlarni tezkor va samarali tashkil etishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, agar soliq to‘lovchi soliq organi qaroriga nisbatan e’tiroz bildirsa, hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatish masalasi faqat sud orqali hal etilishi belgilanmoqda.
Soliq organi e’tiroz kelib tushgan kundan boshlab uch kun ichida sudga murojaat qilishi shart bo‘lib, bu tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyati asossiz to‘xtab qolishining oldini olishga qaratilgan muhim kafolat hisoblanadi.
Qonun loyihasida tadbirkorlar huquqlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, soliq organi sudga murojaat qilganda soliq to‘lovchining e’tirozi, qonunbuzilish holatlari va xabarnoma yuborilganini tasdiqlovchi dalillarni taqdim etishi shartligi belgilanmoqda. Agar sud tomonidan operatsiyalarni to‘xtatish rad etilsa yoki kamchiliklar bartaraf etilgani aniqlansa, qaror qonuniy kuchga kirgan kunning o‘zidayoq hisobvaraqlar faoliyati tiklanishi nazarda tutilmoqda.
Muhtarama Komilova, O‘zA