Soliq to‘lovchilarga 5,1 trillion so‘mdan ortiq QQS qaytarildi
2026-yilning yanvar–mart oylari davomida soliq ma’muriyatchiligini raqamlashtirish va avtomatlashtirish jarayonlari samarasida tadbirkorlik sub’ektlariga qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS)ni qaytarish tizimi yanada tezkor va shaffof tus oldi.
Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu davrda jami 2 ming 226 ta ariza ko‘rib chiqilib, ulardan 1 ming 545 ta tashkilotga 5,1 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ qaytarildi. Bu ko‘rsatkich mamlakatda biznes yuritish muhitini yaxshilash, ayniqsa, aylanma mablag‘larni erkinlashtirish borasida muhim qadam bo‘lmoqda.
Qaytarilgan QQS mablag‘lari asosan iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlariga to‘g‘ri keldi. Jumladan, eng yuqori ulush ishlab chiqarish sohasiga to‘g‘ri kelib, ushbu yo‘nalishdagi korxonalarga 3,8 trillion so‘m qaytarildi. Bu esa sanoat tarmoqlarida ishlab chiqarish hajmini oshirish va eksport salohiyatini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yurituvchi sub’ektlarga 478,4 milliard so‘m, qurilish tarmog‘iga esa 233,87 milliard so‘m miqdorida QQS qaytarildi. Bu ko‘rsatkichlar xizmatlar bozori va infratuzilma loyihalarida ham moliyaviy faollik ortib borayotganini ko‘rsatadi.
QQSni o‘z vaqtida qaytarish mexanizmining takomillashuvi tadbirkorlarning davlat soliq tizimiga bo‘lgan ishonchini oshiradi, shuningdek, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga xizmat qiladi.
Ayni paytda raqamli soliq xizmatlarining keng joriy etilishi orqali arizalarni ko‘rib chiqish muddatlari qisqarib, inson omili ta’siri kamaymoqda. Bu esa tizimning ochiqligi va samaradorligini yanada oshirishga zamin yaratmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA