Sog‘lom hayot — milliy taraqqiyotning asosiy kapitali
Inson qadrini yuksaltirish — O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimining yangi maqsadi. Davolashdan profilaktikaga o‘tish, xalqaro klinikalarni jalb etish orqali mamlakat salomatlik va uzoq umr ko‘rish maskaniga aylanmoqda.
Inson qadrini yuksaltirish haqida gap ketganda, eng avvalo, uning sog‘lom va munosib hayot kechirishi uchun yaratilgan sharoitlar nazarda tutiladi. Chunki insonning bilim olishi, mehnat qilishi, oilasi va jamiyat rivojiga hissa qo‘shishi, o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etishi, avvalo, uning salomatligi bilan chambarchas bog‘liq. Shu ma’noda, O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida sog‘liqni saqlash tizimiga qo‘yilayotgan talab ham o‘zgarib bormoqda. Endilikda tibbiyotning vazifasi faqat kasallikni aniqlash va davolash bilan cheklanmaydi. Asosiy e’tibor kasalliklarning oldini olish, aholi salomatligini muntazam nazorat qilish, tibbiy xizmatning sifati va ommabopligini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda insonning uzoq va faol umr ko‘rishi uchun zarur sharoitlarni yaratishga qaratilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida belgilangan ikkinchi milliy dastur ham aynan xalqimizning sog‘lom bo‘lishi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga qaratilgan. Bu yo‘nalishda ko‘zda tutilgan vazifalar sog‘liqni saqlash tizimining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirishdan tortib, tibbiy sug‘urtani ommalashtirish, profilaktik tibbiyotga o‘tish, xalqaro klinikalarni jalb etish va tibbiy ta’lim hamda biotexnologiyalarni rivojlantirishgacha bo‘lgan keng ko‘lamli jarayonlarni qamrab oladi.
An’anaviy yondashuvda inson ko‘pincha muammo paydo bo‘lganidan keyin shifokorga murojaat qiladi. Profilaktik model esa buning aksini nazarda tutadi: xavf omillarini erta aniqlash, muntazam tibbiy ko‘riklarni kuchaytirish, kasallikni boshlang‘ich bosqichidayoq aniqlash va uning og‘irlashishiga yo‘l qo‘ymaslik. Bu esa bir vaqtning o‘zida tibbiyot tizimining yuklamasini kamaytirish, og‘ir kasalliklarning oldini olish va fuqarolarning hayot sifatini yaxshilash imkonini beradi. Ayniqsa, yurak-qon tomir, onkologik, endokrin va boshqa surunkali kasalliklarda erta aniqlash va muntazam monitoring muhim ahamiyat kasb etadi.
Ixtisoslashgan tibbiyotda raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida dunyoning eng nufuzli kamida beshta klinikasini O‘zbekistonga olib kelish vazifasi ham belgilangan. Bu tashabbusning ahamiyati faqat xorijiy klinikalarning mamlakatimizda faoliyat yuritishi bilan cheklanmaydi. Xalqaro tibbiyot muassasalarining kirib kelishi diagnostika va davolashning ilg‘or usullarini mahalliy amaliyotga olib kirish, mutaxassislar malakasini oshirish, yangi texnologiyalar va boshqaruv standartlarini joriy etish uchun imkoniyat yaratishi mumkin. Shuningdek, ixtisoslashgan tibbiyotda raqobatning kuchayishi tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi muassasalarni sifat, texnologiya va bemorga xizmat ko‘rsatish madaniyatini takomillashtirishga undaydi.
Natijada xalqaro darajadagi tibbiy xizmatlarning mamlakat ichida rivojlanishi fuqarolarning murakkab diagnostika va davolash uchun xorijga borish zaruratini kamaytirish bilan birga, O‘zbekistonning o‘zini mintaqadagi tibbiy xizmatlar markazlaridan biriga aylantirish uchun ham zamin yaratishi mumkin.
Milliy dasturda O‘zbekistonni zamonaviy tibbiyot, farmatsevtika, biotexnologiyalar va tibbiy ta’lim taraqqiy etgan maskanga aylantirish vazifasi qo‘yilayotgani masalaning yana bir strategik jihatini ko‘rsatadi. Chunki zamonaviy tibbiyot faqat shifoxona va shifokordan iborat emas. Uning ortida ilmiy tadqiqotlar, farmatsevtika sanoati, laboratoriyalar, biotexnologiyalar, tibbiy texnologiyalar, raqamli yechimlar va malakali mutaxassislarni tayyorlash tizimi turadi.
Sog‘liqni saqlashda belgilangan yangi vazifalarning mazmuniga e’tibor qaratilsa, asosiy o‘zgarish tizimning o‘zida emas, unga bo‘lgan yondashuvda namoyon bo‘ladi. Tibbiyot tobora kasallik oqibatlarini bartaraf etadigan tizimdan inson salomatligini oldindan asrashga qaratilgan tizimga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.
Rasul Soatov,
Jizzax davlat pedagogika universiteti dotsenti,
falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori