Sirdaryoda soxta “MIB” xodimi qo‘lga olindi
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining Sirdaryo viloyat boshqarmasi tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbir davomida soxta mansabdor shaxs faoliyatiga chek qo‘yildi.
Aniqlanishicha, “Sobir” ismi bilan tanilgan fuqaro o‘zini go‘yoki Majburiy ijro byurosi davlat ijrochisi sifatida tanishtirib, fuqaro B.A.ning ishonchini qozongan. U byuro organlaridagi tanishlari orqali ijro hujjatlari yuzasidan mavjud 10 million 200 ming so‘mlik qarzdorlikni bartaraf qilib berishni va’da qilib, bu xizmati evaziga 4 million so‘m pul mablag‘ini talab qilgan.

2026-yil 15-aprel kuni o‘tkazilgan tezkor tadbirda S.T. fuqarodan so‘ralgan mablag‘ni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Tekshiruv jarayonida uning Majburiy ijro byurosi tizimida hech qachon ishlamagani, ya’ni o‘zini soxta mansabdor sifatida ko‘rsatib, firibgarlik yo‘li bilan pul undirishga uringani aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan S.T.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining firibgarlik va pora talab qilish bilan bog‘liq tegishli moddalari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Bu haqda Byuroning viloyat boshqarmasi xabar berdi.
G‘ulom Primov, O‘zA