Qarovsiz sport inshooti foydalanishga topshirildi
Sayxunobod tumanining Do‘stlik mahallasida qariyb 40 yil davomida qarovsiz holda yotgan sport inshooti qisqa muddat ichida tubdan qayta rekonstruksiya qilinib, yana xalq xizmatiga qaytarildi. Ushbu xayrli tashabbus viloyat prokuraturasi rahbarligida ilgari surilib, sayxunobodlik saxovatli tadbirkorlar va fermer xo‘jaliklari homiyligida amalga oshirildi.
Ma’lumki, so‘nggi yillarda yurtimizda yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, sport infratuzilmasini kengaytirish va zamonaviy sport inshootlarini barpo etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Do‘stlik mahallasidagi mazkur inshootning qayta tiklanishi ham ana shu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.

Sport inshootini zamonaviy jihozlash, uni barcha zarur anjomlar bilan ta’minlash hamda sportsevar yoshlar uchun qulay va xavfsiz sharoit yaratish maqsadida tuman hokimligi tomonidan 140 million so‘m mablag‘ ajratildi. Natijada majmuada kurash, boks, umumjismoniy tayyorgarlik hamda sportning boshqa turlari bilan shug‘ullanish imkoniyati yaratildi.
Tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, viloyat prokurori Savid Imatov, tuman hokimi, sport boshqarmasi va viloyat mahallalar uyushmasi rahbarlari, nuroniylar, mahalla faollari hamda sportsevar yoshlar ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar mazkur inshootning qayta foydalanishga topshirilishi nafaqat bir mahalla, balki butun tuman ahli uchun muhim voqea ekanini alohida ta’kidladilar.

Tadbirda qayd etilganidek, yangidan barpo etilgan sport maskani yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni yot g‘oyalar ta’siridan asrash, jismonan sog‘lom va ma’nan barkamol avlodni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Eng muhimi, bu yerda mashg‘ulot olib borayotgan yoshlar orasidan kelgusida viloyat, respublika va xalqaro maydonlarda yurtimiz sharafini himoya qiladigan chempionlar yetishib chiqishiga zamin yaratiladi.
Shu kunning o‘zidayoq yangi majmuada viloyat prokurori kubogi uchun sport musobaqalariga start berildi. Bu musobaqalar yosh sportchilar o‘rtasida raqobat muhitini kuchaytirish, ularning mahorat va salohiyatini namoyon etishga xizmat qildi. Bayramona ruhda o‘tgan tadbir mahalla ahli, ayniqsa yoshlar uchun unutilmas onlarga boy bo‘ldi.

– Bu inshoot biz uchun ko‘p yillik orzu edi. Yaratilgan sharoitlar yoshlarimizning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshiradi, ularga katta ilhom bag‘ishlaydi. Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik, albatta, davlatimiz rahbarining sport sohasiga, ayniqsa, yoshlar tarbiyasiga qaratayotgan yuksak e’tibori samarasidir, – dedi sport maktabi direktori Abror Xaitov.

Nuroniylar tomonidan yurt tinchligi, mamlakatimiz taraqqiyoti va farovonligi, yosh sportchilarning muvaffaqiyatlari uchun qilingan duolar tadbirga yanada fayz bag‘ishladi. Tuman madaniyat va san’at ahli tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar esa bayramga alohida shukuh qo‘shdi.
G‘ulom Primov, O‘zA