Sirdaryoda 1277 ta ob’ekt qonuniylashtirildi
Sirdaryo viloyatida “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida ”gi Qonun ijrosi doirasida keng ko‘lamli xatlov ishlari amalga oshirilmoqda. 2026-yilning shu kunga qadar viloyatda jami 46 590 ta ob’ekt to‘liq xatlovdan o‘tkazildi. Shu paytgacha 10 954 ta ob’ekt “E’tirof” axborot tizimiga kiritilib, qonuniylashtirish jarayoniga yo‘naltirildi.
– Aholiga ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida tizimdagi 2 610 ta ob’ekt jamoatchilikka taqdim qilingan, 4 257 ta ob’ekt esa muhokama jarayonida. Shuningdek, 1748 ta ob’ekt huquqiy ekspertiza uchun Adliya organlariga yuborilgan, 8 ta ob’ekt bo‘yicha hujjatlarni aniqlashtirish va tahrirlash ishlari davom etmoqda, – deydi Davlat kadastrlari palatasi Sirdaryo viloyat boshqarmasi boshlig‘i Ravshan Nishonov.
Xatlov tadbirlari viloyatning 11 ta tuman va shahar hududlarida olib borilmoqda. Jumladan, Oqoltin, Boyovut, Guliston, Mirzaobod, Sayxunobod, Sirdaryo, Xovos, Sardoba tumanlari hamda Guliston, Shirin va Yangiyer shaharlarining qator mahallalarida ob’ektlar joyiga chiqib o‘rganilib, rasmiylashtirish choralari ko‘rilmoqda.
– Xatlovlarning asosiy maqsadi — fuqarolarning mulkiy huquqlarini mustahkamlash, yer va ko‘chmas mulk ob’ektlarini yagona ma’lumotlar bazasiga kiritish hamda huquqiy jihatdan tartibga solishdir, – deydi Ravshan Nishonov. – Eng muhimi, bu jarayon orqali ko‘p yillardan buyon hujjatsiz yoki bahsli holatda bo‘lgan ob’ektlarga qonuniy yechim berilmoqda.
Mutaxassislar har bir ob’ektning huquqiy maqomi, foydalanish holati va hujjatlarini sinchkovlik bilan tekshirib chiqmoqda. Fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar o‘z vaqtida ko‘rib chiqiladi va asosli, qonuniy qarorlar qabul qilinadi. Joylarda tushuntirish ishlari ham olib borilmoqda, aholi vakillariga amaldagi tartib-taomillar haqida batafsil ma’lumot taqdim qilinadi.
– Men uyimning hujjatlari masalasini uzoq yillar hal qila olmadim, – deydi Guliston shahrida yashovchi 34 yoshli Nodira Murodova. – Hozir esa barchasi rasmiylashtirildi. Bundan cheksiz xursandman, chunki qo‘shimcha qurilish ishlarini amalga oshirishim kerak edi. Uy hujjatlari yo‘qligi bu rejalarimga to‘siq bo‘lib kelgan edi. Endi esa ortiqcha tashvishsiz, rejadagi ishimni amalga oshirsam bo‘ladi.
Sirdaryoda amalga oshirilayotgan mazkur keng ko‘lamli ishlar yer munosabatlarida huquqiy aniqlik va barqarorlikni ta’minlabgina qolmay, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu esa nafaqat sohadagi mutaxassislar, balki aholi tomonidan ham yuqori baholanmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri