Sirdaryo yoshlari uchun katta imkoniyatlar maskani
FOTOREPORTAJ
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Guliston filiali 2025-yil 27-iyun kuni tashkil etilgan bo‘lib, qisqa vaqt ichida Sirdaryo viloyatidagi yetakchi ta’lim muassasalaridan biriga aylandi.
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida faoliyat yuritayotgan mazkur bilim dargohi 512 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan bo‘lib, zamonaviy talablar asosida barpo etilgan.
O‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi uchun ta’lim muassasasida barcha sharoit yaratilgan. Xususan, bu yerda 6 ta zamonaviy laboratoriya, 6 ta informatika sinfi, robototexnika xonasi, 32 ta o‘quv sinfi, kutubxona, 222 o‘rinli yotoqxona, yopiq sport zali, 250 o‘rinli faollar zali hamda oshxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
Maktabda axborot texnologiyalari, robototexnika va aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan ta’lim yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa yoshlarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish va ularning intellektual salohiyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ta’lim muassasasi o‘quvchilari qisqa vaqt ichida yuqori natijalarni qo‘lga kiritdi. Jumladan, respublika matematika olimpiadasida 11-sinf o‘quvchisi Sardor O‘rozaliyev 3-o‘rinni egalladi. Shuningdek, 10-sinf o‘quvchisi Azizbek Mamajonov Gretsiyada o‘tkazilgan “43-Bolqon matematika olimpiadasi – 2026”da oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu natija nafaqat maktab, balki mamlakatimiz yoshlarining xalqaro maydondagi salohiyatini ham yaqqol namoyon etdi.
[gallery-29562]
Maktab yana bir muhim xalqaro maqomga ham ega bo‘ldi. U UNESCOning Assotsiatsiyalashgan maktablar tarmog‘i — ASPnet a’zoligiga qabul qilindi. Mazkur xalqaro tarmoq ta’lim, madaniyat, tinchlik va barqaror rivojlanish g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi ilg‘or ta’lim muassasalarini birlashtiradi.
Ayni paytda maktabda 18 ta sinfda 412 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Ularning 112 nafarini qizlar tashkil etadi. Bu esa qizlarning ham aniq fanlar va axborot texnologiyalariga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Muxtasar aytganda, mazkur ta’lim muassasasi sirdaryolik yoshlar uchun IT sohasiga keng yo‘l ochib, kelajakning raqobatbardosh kadrlarini tayyorlashda muhim o‘rin tutmoqda.
Umid OBIDJONOV (surat), O‘zA