Ko‘p millatli Zafarobodda ahillik va mehnat qadri ulug‘landi
Bugun Yangi O‘zbekiston g‘oyasi nafaqat yuksak minbarlarda, balki mahallalar hayotida, insonlar birdamligi va mehnat qadrida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ayniqsa, turli millat vakillari ahil yashaydigan yurtlarda hamjihatlik muhiti yanada mustahkamlanib, umumiy maqsadlar atrofida birlashish hissi kuchaymoqda.
Navoiy viloyati Konimex tumanining ko‘p millatli Zafarobod mahallasida Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida mahallaning 55 yilligi hamda O‘zbekiston Respublikasi konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Konimex tumani hokimi Ruslan Ro‘ziyev hamda Navoiyuran davlat korxonasi Bosh direktori Jamol Fayzullayev ishtirok etib, yig‘ilganlarni kasb bayrami bilan samimiy tabrikladi.
Bayram davomida mamlakatimizda konchilik va metallurgiya sohasida mehnat qilayotgan insonlarning zahmati, ularning iqtisodiyot taraqqiyotiga qo‘shayotgan munosib hissasi alohida e’tirof etildi. Ayniqsa, uzoq yillik halol mehnat, fidoyilik va vatanparvarlik bugungi taraqqiyotning mustahkam poydevori ekani ta’kidlandi.

Tantanali taqdirlash marosimida 24 nafar soha ilg‘orlari II va III darajali “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni, esdalik sovg‘alari hamda tashakkurnomalar bilan taqdirlandi. Bu e’tirof nafaqat ularning mehnatiga berilgan baho, balki yosh avlod uchun ham mehnatga hurmat va sadoqat namunasi bo‘lib xizmat qiladi.
Bayram tadbirida yangragan kuy-qo‘shiqlar, samimiy tabriklar va ko‘p millatli aholining ahilligi “Yagona Vatan, yagona xalq” g‘oyasining hayotdagi amaliy ifodasi ekanini yana bir bor namoyon etdi.
N.Rahmonova, O‘zA