Sirdaryo viloyati delegatsiyasi sammitda ishtirok etdi
Sirdaryo viloyati delegatsiyasi Xitoydagi samarali muzokaralardan so‘ng Tailandning Bangkok shahriga yo‘l oldi. Bu sayohat nafaqat xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, balki viloyatning raqamli va investitsion salohiyatini keng jahon hamjamiyatiga namoyon etish imkonini berdi.
Tashrifning ilk kunida delegatsiya a’zolari Osiyo va Okeaniya mintaqasidagi IT va raqamli texnologiyalar sohasida nufuzli ASOCIO AI Summit 2026 sammitida ishtirok etdi. Unda dunyoning 24 ta mamlakatidan vakillar yig‘ilib, hamkorlik va investitsiya imkoniyatlari muhokama qilindi.
Sammitda Sirdaryo viloyatining raqamlashtirish salohiyati, investitsion imkoniyatlari hamda IT sohasini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari keng taqdim etildi. Shuningdek, viloyat hokimligi rasman ASOCIO tashkilotiga a’zolikka qabul qilindi.

Tadbir doirasida Pokistonning P@SHA, Filippinning IBPAP, Bangladeshning J.A.N. Associates Ltd, Yaponiyaning JISA va Indoneziyaning FTII kabi xalqaro IT assotsiatsiyalari bilan amaliy kelishuvlar imzolandi. Bu hamkorlik startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish va global hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi. Shu orqali viloyatda BPO xizmatlari, IT-eksportni rivojlantirish va ilg‘or xorijiy tajribani jalb qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi.

Ushbu tashrif Sirdaryo viloyatining xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirish bilan birga, viloyat sanoati va IT sektori rivoji uchun aniq va amaliy qadamlarni belgilaydi.
G‘ulom Primov, O‘zA