Sirdaryo jamoasi "Agentlik rahbari kubogi”ni qo‘lga kiritdi
“Renessans” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi rahbari kubogi sport musobaqasi Sirdaryo jamoasi uchun yuksak muvaffaqiyat bilan yakun topdi. Eng asosiysi, jamoa barcha yo‘nalishlarda barqaror natija ko‘rsatib, umumjamoa hisobida 30 ball to‘pladi va faxrli ravishda “Agentlik rahbari kubogi”ni qo‘lga kiritdi.
Ikkinchi o‘rin 24 ball bilan Namangan viloyati, uchinchi o‘rin esa 21 ball bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi jamoalariga nasib etdi.

Ushbu nufuzli musobaqa Agentlik tizimidagi Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan maktablar hamda maktab-internatlarning 8–10-sinf o‘quvchilari o‘rtasida tashkil etildi. Bellashuvlar davomida ishtirokchilar voleybol, mini-futbol, stol tennisi va shaxmat kabi sport turlari bo‘yicha o‘z imkoniyat va mahoratlarini sinovdan o‘tkazdilar. Keskin va qizg‘in ruhda o‘tgan musobaqalarda yoshlarning nafaqat jismoniy tayyorgarligi, balki jamoada ishlash ko‘nikmalari, intizomi va maqsad sari intiluvchanligi ham namoyon bo‘ldi.

Muhimi, musobaqa yakunida tashkilotchilar Sirdaryo jamoasining g‘alabasini izchil tayyorgarlik, o‘quvchilarning intizomi va sportga bo‘lgan yuksak qiziqishining amaliy natijasi sifatida e’tirof etdilar.

– Bu musobaqa nafaqat biz, balki unda ishtirok etgan o‘quvchilarimiz uchun ham katta kuch va rag‘bat bo‘ldi. Eng muhimi, u kelgusida yanada yirik musobaqalarda ishtirok etish, yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarish, shuningdek, Sirdaryoda kamol topib xalqaro va jahon arenalarida ishtirok etishni maqsad qilgan yoshlarimiz uchun muhim bosqich vazifasini o‘taydi, – deydi Sirdaryo viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Davron Isoqov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri