Sinxron suzish: Yevropa chempionlari Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini himoya qiladi
Sinxron suzish bo‘yicha bir necha bor Yevropa chempionligiga erishgan, jahon seriyasi musobaqalarida g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan Anastasiya Baxtireva va Violetta Yevenko Yaponiyada o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini himoya qiladi.
O‘zbekiston suzish federatsiyasi xabariga ko‘ra, "World Aquatics” xalqaro federatsiyasi professional sportchilar Anastasiya Baxtireva va Violetta Yevenkoning sport fuqaroligini o‘zgartirishini, ya’ni bundan buyon O‘zbekiston nomidan xalqaro musobaqalarda ishtirok etishini ma’qulladi.

Ayni paytda har ikki sportchi O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibida mashg‘ulot olib bormoqda.
Ular ayollar dueti dasturidagi musobaqalarda ishtirok etadi. Terma jamoaning amaldagi sportchisi Sabina Mahmudova esa zaxira tarkibiga kiritildi.
Eslatib o‘tamiz, Anastasiya Baxtireva uch marta Yevropa va ikki karra Jahon seriyasida 1-o‘rinni egallagan. Violetta Yevenko esa Yevropa hamda Jahon chempionati g‘olibi sanaladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA