Xitoyda o‘tadigan jahon chempionatida Akbar Jo‘rayev va Ruslan Nuriddinov qatnashadimi?
Joriy yilning 27-oktabr – 8-noyabr kunlari Xitoyning Ningbo shahrida og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkaziladigan jahon chempionatida dunyo og‘ir atletikasining eng nomdor sportchilari bo‘lgan hamyurtlarimiz - Ruslan Nuriddinov va Akbar Jo‘rayev ishtirok etadimi?
Bugun ko‘pchilik sport ishqibozlari qatorida chempionatda qatnashish uchun tayyorgarlik ko‘rayotgan boshqa davlatlarning sportchi va murabbiylari ham shu masalani bilishga qiziqmoqda.

Kuni kecha O‘zbekiston og‘ir atletika terma jamoasi murabbiylar kengashi jahon chempionatida vatanimiz sharafini himoya qiladigan tarkibni e’lon qildi.

Unga ko‘ra, o‘z vazn toifalarida terma jamoamiz a’zolari Adhamjon Ergashev, Sarvarbek Zafarjonov, Muhammadqodir Toshtemirov, Akbar Jo‘rayev, Sharofiddin Amriddinov erkaklar musobaqalarida sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qilsa, ayollar o‘rtasidagi bahslarda Nigora Abdullayeva, Nigora Suvonova, Rigina Adashboyeva o‘z omadini sinovdan o‘tkazadi.

Ko‘rinib turibdiki, Xitoy sport maydonlarida og‘ir atletikachilar o‘rtasida kechadigan shiddatli kurashlarda Ruslan Nuriddinov qatnashmaydi. Akbar Jo‘rayev esa -110 kilogramm vaznda o‘z chempionligini himoya qiladi.

Kuni kecha Turkiyada mazkur jahon chempionati oldidan o‘quv mashg‘ulot yig‘inida qatnashayotgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolarining bir guruhi Xitoyga yetib bordi.
Ayni paytda Turkiyada mashg‘ulot olib borayotgan A.Jo‘rayev yetakchiligidagi terma jamoamizning ikkinchi tarkibi noyabr oyining dastlabki kunlarida chin yurtiga yo‘l oladi.

Aytish lozimki, chempionat 27-oktabr kuni boshlansa, og‘ir atletikachilarimiz 28-oktabrdan bahslarga kirishadi. Musobaqalar 8-noyabrga qadar davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, mahoratli sportchimiz Akbar Jo‘rayev musobaqalardagi ishtirokini 6-noyabr kuni o‘tkazadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA