Sifatli ta’lim — qudratli jamiyat poydevori.
So‘nggi yillarda ta’lim sohasini rivojlantirish, uni zamon talablariga mos ravishda takomillashtirish hamda barkamol avlodni voyaga yetkazish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, bu boradagi islohotlar yangi bosqichga ko‘tarilib, ta’lim sifati, o‘qituvchining jamiyatdagi mavqeyi, maktab infratuzilmasi va yoshlar uchun yaratilayotgan sharoitlarda o‘z amaliy ifodasini topmoqda.
Bu jarayonlarning samarasi Toshkent viloyati misolida ham yaqqol ko‘zga tashlanyapti. Xususan, so‘nggi o‘n yilda viloyat ta’lim sohasiga yo‘naltirilgan mablag‘lar 6,2 barobar oshib, 31,5 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu esa ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yangi muassasalar tashkil etish va ta’lim sifati uchun zarur sharoitlarni yaratish imkonini berdi.
2016-yilda viloyatdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 441 tani tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ularning soni 2 ming 433 taga yetdi. Maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi esa 27,2 foizdan 73,9 foizga oshdi. Yangi o‘quv yilida esa 61 ming 706 nafar o‘quvchi 1-sinfga qabul qilindi. Bu ko‘rsatkich bitiruvchilar soniga nisbatan 24 ming 324 nafarga, o‘tgan yilgi qabulga nisbatan esa 4 ming 305 nafarga ko‘pdir.
Ta’lim sifatining muhim mezoni, albatta, bitiruvchilarning erishayotgan natijalaridir. O‘tgan o‘quv yilida viloyatda 37 ming 382 nafar o‘quvchi 11-sinfni tamomladi. Ularning 811 nafari oltin, 175 nafari kumush medal bilan taqdirlandi. Yana 1 ming 789 nafar bitiruvchining muddatidan oldin talaba bo‘lgani yoshlarning bilim va salohiyati tobora yuksalib borayotganidan dalolat beradi.
E’tiborlisi, viloyat umumta’lim maktablarini tamomlagan 13 nafar o‘quvchi dunyoning TOP-100 taligiga kiruvchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘ldi. Bu natija maktabda berilayotgan ta’limning xalqaro raqobat muhitiga moslashib borayotganini ko‘rsatadi.
Islohotlarning yana bir muhim yo‘nalishi ta’limda teng imkoniyatlarni ta’minlashdir. Imkoniyati cheklangan bolalar uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida 294 ta maktabning 54 tasida to‘siqsiz muhit shakllantirildi, 412 ta inklyuziv sinf va 150 ta korreksion xona tashkil etildi. Bu esa uyda ta’lim olayotgan bolalarning ham tengdoshlari bilan bir qatorda ta’lim olishi va jamoaga integratsiyalashuvi uchun muhim imkoniyat yaratmoqda.
Ta’lim sifati, avvalo, pedagog salohiyati bilan belgilanadi. Shu bois o‘qituvchilarni rag‘batlantirish va ularning mehnatini munosib qadrlashga ham e’tibor kuchaydi. Agar 2017-yilda pedagog xodimlarga ish haqidan tashqari to‘lanadigan ustama va qo‘shimcha haqlar 15 turni tashkil etgan bo‘lsa, bugun ularning soni 40 tadan oshdi.
Albatta, bu natijalar erishilgan marralarni ifodalaydi. Biroq ta’lim sohasida hali oldinda turgan vazifalar ko‘p. Zero, bugungi maktab faqat bilim beriladigan maskan emas. U yosh avlodning mustaqil fikrlashi, ijodiy qobiliyati, shaxsiy fazilatlari, vatanparvarligi va zamonaviy dunyoda munosib o‘rin egallashi uchun zarur ko‘nikmalar shakllanadigan muhim ma’rifat va tarbiya dargohidir.

Shu nuqtayi nazardan, ta’lim sohasidagi islohotlarning asosiy maqsadi raqamlar yoki yangi muassasalar soni bilan cheklanmaydi. Eng muhim natija sifatli ta’lim olgan, mustaqil fikrlaydigan, kasb va bilimga intiladigan, yurt taraqqiyoti uchun mas’uliyatni his etadigan yosh avlodni voyaga yetkazishdir.
Bugungi yutuqlar ertangi vazifalar uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishi kerak. Ta’limda to‘xtab qolishga haqqimiz yo‘q. Chunki sifatli ta’lim kuchli jamiyat, bilimli avlod va farovon kelajakning eng muhim kafolatidir.
Sherzod Mamatqulov,
Xalq deputatlari Toshkent viloyati
Kengashi deputati,
O‘zA