“Salomatlik ekspressi” Samarqandda
Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filialida Xitoy Xalq Respublikasining Pekin universiteti xalq shifoxonasi oftalmologiya bo‘limi mutaxassislari ishtirokida ko‘z kataraktasi bor bemorlar uchun tibbiy ko‘rik hamda murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilmoqda.
“Bir kamar – bir yo‘l” tashabbusi doirasida tashkil etilgan “Salomatlik ekspressi” O‘zbekiston–Xitoy profilaktika markazi tomonidan har yili respublikamiz hududlarida tibbiy aksiyalar o‘tkazilib, ko‘z kasalliklari bor bemorlarda tashxislash, davolash va jarrohlik amaliyotlari bajarilmoqda. Bu gal xitoylik mutaxassislar Samarqandga kelib, ushbu viloyat hamda Jizzax, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlari aholisini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda.
– Uy yildan buyon O‘zbekiston hududlarida “Salomatlik ekspressi” loyihasi bo‘yicha ko‘z kasalliklarini davolash jarayonlarida qatnashyapmiz, – deydi Pekin universiteti xalq shifoxonasi oftalmologiya bo‘limi bosh oftalmologi Bao Yun Jeng. – Shu bilan birga o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan ilmiy va akademik almashuvni yo‘lga qo‘yib, o‘zaro tajriba almashyapmiz. Bir necha kundan buyon Samarqand ko‘z kasalliklari shifoxonasida tibbiy ko‘rik va operatsiyalarda qatnashib shunga amin bo‘ldikki, bu yerda ham bemorlarni davolashda eng so‘nggi tibbiy texnologiyalardan foydalanilmoqda. Ayniqsa, samarqandlik oftalmologlarning kataraktani davolash va operatsiya qilishda ultratovushli fakoemulsifikatsiya usulini qo‘llayotgani e’tiborli. Bu orqali yiliga 4000 gacha jarrohlik amaliyoti o‘tkazilayotgani juda yaxshi natija. 2019-yilda mazkur muassasaga kelganimizda bunday tajriba yo‘q edi.
Aksiya davomida ko‘z kasalliklaridan aziyat chekayotgan, yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotiga muhtoj bo‘lgan kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga ehtiyojmand bemorlarga zamonaviy tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Jumladan, tibbiy ko‘rsatmalar asosida murakkab oftalmologik operatsiyalar bepul amalga oshirilmoqda.
– O‘n yil oldin katarakta bo‘yicha davolanganman, – deydi Samarqand shahrida yashovchi Mavsuma Usmonova. – O‘shanda operatsiya qilish uchun chet elga borishingiz kerak, deyishgandi. Mana endi o‘zimizda ham shunday operatsiyalarni o‘tkazish imkoniyati paydo bo‘libdi. Buning uchun davlatimizga, shifokorlarimizga ming rahmat!
Tadbir doirasida xitoylik mutaxassislar tomonidan samarqandlik oftalmologlar uchun mahorat darslari ham o‘tkazilmoqda.
[photobank-31280]
– Ko‘rik boshlanganidan buyon to‘rt kun davomida xitoylik hamkasblarimiz bilan birga 60 dan ortiq jarrohlik amaliyoti bajarildi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali direktori Botir To‘xtayev. – Har kuni ko‘rik davomida operatsiyaga muhtoj bemorlar aniqlanib, belgilangan tekshiruv va tahlillardan so‘ng jarrohlik amaliyotlari bajarilmoqda. Ko‘rik ushbu hafta yakuniga qadar davom etadi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari