Shoir Xushboq Rahimning «Zanjirband dunyo yoxud Toshtemir» dostoniga chizgilar
Shoir Xushboq Rahim o‘zi uchun «Zaminday, ziyoday, havoday» muhim, taqchil, malham, mo‘miyo do‘sti O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, filologiya fanlari nomzodi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, «Do‘stlik» ordeni sohibi, Turon fanlari akademiyasi akademigiga bag‘ishlab «Zanjirband dunyo yoxud Toshtemir» dostonini yozdi. Doston yuzdan ortiq she’riy asarlar majmuasidan iborat. She’rlardan birontasida falsafaga daxldor bo‘lmagan so‘z, jumla, satrni kam uchratasiz. Demak, shoir Xushboq Rahimning «Zanjirband dunyo yoxud Toshtemir» dostoni falsafa ilmidan xabardor kitobxonlar uchun yozilgan. Yoki muallif u dostonni o‘zidagi falsafiy qarashlarni yosh kitobxonlarga yuqtirish maqsadida yakqalam qilganligi shubhasiz. Ayni damda diqqatni «Dunyo», «Zanjir», «Band», «Toshtemir» so‘zlariga qarataylik. So‘zlar mehnat quroli bilan tafakkurga et-tirnoq nutq tilining qurilish materiallaridir. Nutq tili, mehnat quroli va tafakkurning o‘zaro zanjirbandligiga sabab ularning moddiy asosi birligi, ya’ni ijtimoiy mehnatdaligidir.
«O‘zbek tilining izohli lug‘ati»dan «Dunyo» so‘ziga qaraymiz. Qayd qilinishicha «Dunyo» bir qarasang nutq tilining qurilish materiali ot, qayta qarasang tushuncha. U butun borliq, borliqning ayrim bo‘laklari, ijtimoiy hayot, atrof muhit, nabotot, hasharot, hayvonot, odam, boylik, davlat. Bizlar esa ularni tabiat, jamiyat, odam va uning ongi deymiz. «Zanjir» ham xuddi «Dunyo» misoli bir tomondan nom, ikkinchi tomondan tushuncha. Voqelikda zanjirning qanaqa ko‘rinishdagilari uchramaydi, deysiz. «Band» ham shu. Demak, dunyo zanjirband, birlik va terslikdan xoli buyum-hodisa, tirik va notirik yo‘q, bo‘lmaydi ham. Ularning eng umumiy tomonlarini falsafa, xususiy va ayrim tomonlarini boshqa fanlar o‘rganadi va o‘rgatadi.
Shoir Xushboq Rahim «Zanjirband dunyo yoxud Toshtemir» deganda Toshtemir ham «Zanjirband dunyo»ga o‘xshaydi, u ham tabiat, jamiyat, xususan Denov va denovliklardan ajralmas, degan g‘oyani kun tartibiga qo‘yadi. Ayni damda shunday to‘xtamni Toshtemirning shaxsiyatiga taalluqli dalillar talab qiladi. Birinchidan, Turdi To‘rayev (1914-1942) Vatan himoyasi uchun fashizm balosiga qarshi kurashda qahramonlarcha halok bo‘ladi. Qora xat uni Vatanga, ayniqsa Denov ham Denov ahliga batamom bog‘lab tashlaydi. Toshtemirning agar menga tabiat qanot bag‘ishlasa, Denov osmonidan bir metr ham nari uchmasdim, degan gaplarining ma’nosi shunda. Ikkinchidan, doston qahramoni Toshtemir Turdiyev go‘dakligidayoq yetimlikning o‘limdan boshqa barcha azobu uqibatlarini boshidan kechirdi. Besh-olti yoshidan boshlab o‘zidan ikki uch yosh ulug‘ akasi Ahmad yonida qishloqdoshlari molini boqib «Oshihalol» bilan kun kechirdi.
Yalang oyoq poda boqdim
Nonsiz kunim motamdan zo‘r.
Boy bobomiz tegirmonchi
Qo‘li ochiq hotamdan zo‘r.
Oshihalol.
Uchinchidan, ota bilan onadan erta ayrilib, momosi Hayitgul Aliqulova (1889-1957) qo‘lida qolgan yetimchalar jismonan sog‘lom, ruhan tetik, gapga chechan bo‘lib o‘sdi, momosiga tasalli beradigan darajaga ko‘tarildi:
Qor, qirovdan ko‘zlar yoshi
Quyosh chiqsa, soy bo‘ladi.
Momojonim nabirangiz
Hotamtoydan boy bo‘ladi.
Oshihalol.
To‘rtinchidan, hayotning asal emasligini Toshtemir bolaligidayoq chuqur angladi. O‘zini ayamadi, bilim olishga zo‘r berdi. Qo‘ni-qo‘shni, urushdan sog‘lom, beqo‘l, beoyoq qaytganlarning o‘quvchilarga nasihat va maslahatlari shu edi. Toshtemir Xo‘jasoatdagi «maktab-internat»da o‘qidi. Maktab qorovuli janglarda bir ko‘zi va bir oyog‘idan ajragan qo‘ltiq tayoqli, sergap, xushchaqchaq va hazilkash kishi edi:
Toshtemir, senlarga «internat-maktab»
Simkoyka, qaynoq suv, lekin non-osh yo‘q.
Kiyim-bosh qayoqda, kitob qayoqda
Ammo kelajakdan o‘ksik ko‘ngil to‘q.
Fashistni qiyratdi, qurol, kuch, nolam
O‘zingni ayama, bilim ol, bolam.
Beshinchidan, go‘daklikdan kam uyqu, kam taom, o‘ychan, og‘ir tabiatli Toshtemir aqliy mehnatning mashaqqatlarini tengdoshlariga nisbatan tezroq tushunib yetdi. Go‘ro‘g‘li, Alpomish dostonlarini satrma-satr yod oldi. Ular Toshtemirning yuragiga do‘stlik, mardlik, mehnatsevarlik, yurtga, yorga nisbatan muhabbat, sadoqat, saxiylik, vafo misoli fazilatlarning muhrini bosdi. Unday fazilatlardan aksariyati Xushboq Rahim dostoni qahramoni Toshtemir Turdiyevning ichki, ajralmas tabiatiga aylanib ketdi.
Oltinchidan, «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»da «omad» degan atama bor. Toshtemir Turdiga omad kulib boqdi. Kun kecha «Oshihalol» aytib, hovlima-hovli, ko‘chama-ko‘cha tinimsiz tentiragan bolakay bugun Buxoro davlat pedagogika instituti talabasi. Shoir Xushboq Rahim yozgan:
Vaxshivor, Chinor ham So‘fi Ollohyor
O‘tinga zor qilgan terak ham tolim.
Sahardan shomgacha tindirmagan mol
Shakardan eng shirin «Oshihalolim».
Denov ham denovlik imkonning qo‘ri
Toshtemir Turdida omadning zo‘ri.
Yettinchidan, Toshtemir Turdi «toshquloq» talabalardan eng peshqadami. U ko‘rgan, kuzatgan, eshitgan, o‘qigan, to‘qnash kelgan buyum, hodisa, hangomani oradan o‘n yil vaqt o‘tsa ham unutmaydi, o‘ta sergak, hushyor, hozirjavob zoti shariflardan. Buxoro esa ham moddiy, ham ma’naviy xazinaxonali qadimiy va navqiron shaharlardan eng sarasi. Xususan «Arki Buxoro», «Ismoil Somoniy maqbarasi», «Minorai Kalon», «Labi havuz», «Ulug‘bek madrasasi» va boshqalar betakror mo‘’jiza. Toshtemir Turdi uchun esa ular Denov oldida hech nimaday. Sababi yuqorida aytganimizday Toshtemirning otasi Turdi To‘rayev «Denov uchun» jon bergan. U har soat, har daqiqada Denovni, marhum otasini sog‘inganday sog‘inadi. Nachora.
Denovga otlandi, Toshtemir kecha
Adolat, insof ham qo‘llar ushlashdi.
Qoziq yulduziday o‘rnida sobit
Butun bir Buxoro… xayr-xo‘shlashdi.
Bedo‘stning har dami beziyo, motam
Denov deb frontda jon bergan otam!
Darhaqiqat, Toshtemir Turdi Buxoroda bir yo‘la ikki dorulfununda o‘qidi. Biri aytganimizday Buxoro davlat pedagogika instituti «Pedagogika fakulteti»da, ikkinchisi shoir Toshpo‘lat Hamid bilan O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamolning maktabida ta’lim-tarbiya topdi. Muzaffar Tursun, Temur Norov, shoir Sharif Nurxon, Baxshanda Boltayeva, Sayyora Nasrullayeva misoli o‘nlab ijodkor do‘stlar orttirdi. «Buxoro haqiqati» gazetasi bo‘lim mudiri Murod Xalildan jurnalistlarga xos sir-asrorlarni o‘rganib oldi.
Sakkizinchidan, shoir Xushboq Rahim «Zanjirband dunyo yoxud Toshtemir» Dostoni yadrosi yoki o‘zagi sevgi – muhabbatdan iborat. Ular, ya’ni Toshtemir bilan Risolatxonning bir-biriga nisbatan ishqi va bir-biriga nisbatan tashnaligi Alisher Navoiyning «Layli va Majnun», Hamid Olimjoning «Zaynab va Omon»i o‘tli qalbi olov, alangasidan kam emas edi. Shoir yozadi:
Sahro-cho‘ldan suvga mushtoq yo‘lovchiday
Sharqiragan daryo, soyni mo‘ljal olib.
Necha mohir, chevar qizga ibrat bo‘lgan
Risolatning hunaridan qoyil qolib.
To‘xtamishdan Hazarbog‘ga ovchi keldi
Risolatga Toshtemirdan sovchi keldi.
Risolatxonning hunari tikuvchilik. U necha mohir, chevar qizlarga ustoz. Hunar did-farosat va bilimsiz bo‘lmaydi. U tarixiy qadriyatlardan. Gapning ochig‘i Buxoroliklarda bir qavm ikkinchisidan hunari bilan Surxondaryo, jumladan Denovda urug‘-urug‘i bilan farqlanadi. Buxoroning Qorako‘l tumanida yuzga yaqin qishloq bor. Ularda bir qishloq ahli ikkinchisining hunarini takrorlamaydi. Buxorolik aksariyat ota-onalar, ayniqsa, qizlariga og‘zidan ona suti ketmasidanoq o‘z hunarini o‘rgatadi, mehnatga, hayotga tayyorlay boshlaydi. Risolatxonning otasi mulla Iskandar qatag‘onlik yillarida Buxoroning G‘ijduvonidan Denov Hazarbog‘iga «ko‘chirma» qilingan mulla Xoliqning o‘g‘li edi. Toshtemir shu mulla Xoliqning qizi, hunarmand, tikuvchi Risolatxon bilan oila qurdi. Shoir Xushboq Rahim o‘zida yo‘q darajada xursand:
Ikki daryo, ikki dunyo, ikki ummon
Katta-kichik bir butunni o‘ylar bo‘ldi.
Nikoh asli el oldida oliy qasam
Bir maqsadda ikki yurak to‘ylar bo‘ldi.
Plyus-minus, ixtiyoriy vosil bo‘ldi
To‘y bahona, zo‘r oila hosil bo‘ldi.
Nikoh to‘yi tarixiy qadriyat. U tufayli ikki daryo, ikki dunyo, ikki ummon, ikki intiq va ikki tashna yurak, plyus-minus ixtiyoriy birlashadi. Ikki odam beixtiyor bir odamga, eru xotin o‘zaro birini oshirib, yo‘g‘ini yashiradigan libosga aylanadi. Oiladagi sir tashqariga chiqmaydi. Er otalik, xotin erga itoatdan iborat burchini a’lo darajada oqlaydi. Mustahkam, ibratli oilaga aylanadi. Qator-qator o‘g‘il qiz. Kun kechagi oila, bugungi tinch-totuv bir mahalla.
To‘qqizinchidan, Denovda iymoni mustahkam odamlar nihoyatda ko‘p. Ulardan va’dasiga vafodori, aytgan so‘zining ustidan chiqadigani, dili bilan tili biri Toshtemir Turdidir. U davlat va jamoat arbobi sifatida qabuliga kelgan kishilardan birontasining so‘rog‘ini javobsiz qoldirmaydi. Shu bois qo‘shni tumanlardan ham mushkuliga malham izlab Toshtemir Turdiga murojaat qilishadilar. – «Siz bir og‘iz aytib qo‘ysangiz bo‘ldi!»
O‘ninchidan, kamtarlik masalasida Surxondaryo yoki denovlik rahbarlardan birontasi Toshtemir Turdi oldida ip ham esholmaydi. Kattaga ham, kichikka ham u zoti sharifning salomdan keyingi so‘zi «Keling buyuk, bizga nima xizmat!»
O‘n birinchidan, avliyolikka daxldor parxezgarlik fazilati Toshtemir Turdida tug‘madir. U palagi toza, tozaning tilida g‘iybat yo‘q, qulog‘i mayda gapni eshitmaydigan, ko‘zi go‘zal va betakror buyum va hodisalardan boshqasini ko‘rmaydi, oyog‘i noqonuniy tomonga qadam bosmaydigan insondir.
O‘n ikkinchidan, Toshtemir Turdining yetimlikdan topgani, ustozlardan o‘rgangani qanoat. Unga non bilan choy bo‘lsa, bas. Lekin u ham mavjud muhit va jamiyatdan tashqarida yashagan emas. Demoqchimiz-ki, xalq mulki hisobidan yegan-ichgan bo‘lsa, faqat qorniga siqqanicha yegan-ichgan, mo‘rchaday to‘qnash kelgan xalq mulkini uyiga tashigan emas.
O‘n uchinchidan, Toshtemir Turdiyev ma’naviyati butun tashkilotchi,, tanlab topib gapiradigan rahbarlardan biri. U istalgan ishning o‘zini ham, ko‘zini ham bexato biladigan, topshiriqlarni o‘z vaqtida oshig‘i bilan bajarish qobiliyatiga qodir xodimlardan. Aksincha bo‘lganida u Denovning o‘n oltinchi hokimini xush-xandon kuzatib, o‘n yettinchisi bilan ishini davom ettirarmidi?! Yoki o‘ttizga yaqin Denov haqida badiiy asar yozib, gazeta-jurnallarda har haftaaro ikki uch maqola e’lon qilarmidi?! Maqola yozish, badiiy asarning qo‘lyozmasiniyoq qoralash obrazli qilib aytganda yurak qonining zardobi. Bu zardobni ko‘rishga ko‘zi ojiz, anglashga aqli zaiflar esa Toshtemir Turdi «Davlatning ishini qiladimi, maqola yozadimi?!» deyish bilan band. Undaylarga aytadigan gapimiz shu «Ish ustasidan qo‘rqadi.» «Eplagan el-yurti uchun elakda suv tashiydi!». Qo‘lingizdan kelsa, siz ham yozing, yozuv orqali uxlab tushingizga kirmagan mehnatkash, mehmondo‘st, tashabbuskor odamlar orasida Toshtemir Turdiday tanilasiz.
O‘n to‘rtinchidan, Denov tumani Qahramonlar yurti. Uning beshta O‘zbekiston Qahramoni, shuncha Zulfiya mukofoti sovrindorlari bor. Shunday mukofotlar uchun navbat kutayotgan qizlar bir talay. Viloyatning boshqa tumanlarida ham Qahramonlikka arziydigan mehnatkash, fidoyi insonlari ko‘p. Biroq ularning unday ishlarga bosh-qosh bo‘ladigan Toshtemir Turdiday tashkilotchisi yo‘q.
O‘n beshinchidan, Toshtemir Turdi tashqi tabiatni o‘ziga ustoz hisoblaydi. Tirik, notirikdan dars oladi. Uning biohayotga nisbatan muhabbati, ixlosi va e’tiqodining toshu tarozisi yo‘q. Shoir Xushboq Rahim uni shunday qayd qilgan:
Igna yelkalagan jayra yo kirpi
To‘ng‘izga tashlangan ona-bola bars.
Yolg‘ondan gulbargni chimdigan ohu,
Quralay men uchun dunyo-dunyo dars.
Tinmaslik, Toshtemir, mo‘rcha baridan
Did bilan sog‘liq ham asalaridan.
yoki
Daradan darada sayroqi kaklik
Bulbul ham, lochin ham uchuvchi zotdan.
Yuksakdan eng yuksak botmon-botmon o‘y
Bedorlik ilmini o‘rgandim otdan.
Tinmaslik, Toshtemir, mo‘rcha baridan
Did bilan sog‘liq ham asalaridan.
O‘n oltinchidan, oliy qadriyat, yuksak fazilatli inson, shular jumlasidan Toshtemir Turdi voqelikdagi mavjud, serildiz, ajriq mijoz illatlarning kushandasi. Nachora. «Yolg‘iz otning changi chiqmas, changi chiqsa ham dong‘i chiqmas!» Biroq bugungi illatga bugunoq barham bermasang ertaga kech bo‘ladi. Illatlar ustiga illatlar qo‘shiladi. Bu haqiqatning tasdig‘i talay. Ulardan biri «Diametri 120 metrdan iborat Denov bekligi qo‘rg‘oni». Qo‘rg‘on tarixiy qadriyatlardan. Unga e’tibor qaratish masalasini Toshtemir Turdi haligi kelib-ketgan hokimlar hukmiga havola qildi. Lekin ular bu masalada kiprigini ham qoqmadi. Nihoyat ulardan biriga Toshtemir Turdi «Xalqning boyligini yeng, iching, tashing, bizlarga Denovning tuprog‘ini qoldirsangiz yetadi!» dedi. Shoir Xushboq Rahim esa «Zanjirband dunyo yoxud Toshtemir» dostoniga «Alamdon» nomli she’rini kiritdi. Unda shunday satrlar bor.
Insonlar mehriga zoru zor gardim
Orzu-armonini havoga aytdi.
Ehtiyoj zarbidan zo‘riqqan odam
Pana-pastqamimga o‘tirib qaytdi.
Alamdon yorildi, oqdi, zardob, g‘am
Xo‘jand qal’asidan, dedi, nimam kam?!
O‘n yettinchidan, Toshtemir Turdining dilida ham, tilida ham Denov, uni Denovdan, Denovni undan ajratish amri mahol. Ayniqsa, Denovning tarixidan gap ketsa bormi, u kunlari hordiq, tunlari uyqu nimaligini bilmaydi. Shoir Xushboq Rahimning «Suhbat» she’ridan parcha o‘qiymiz:
Edik chol, Bahodir, Toshtemir Turdi
Kyudzo Katoning yonida qoldim.
Tandir go‘sht, oq, qizil, tongotar suhbat
Ulardan ma’naviy ma’danni oldim.
Zaraut g‘oridan ajdodlar boshi
Uch yarim mingga teng Denovning yoshi.
Afsuslar bo‘lsinki, «Denovning yoshi uch yarim mingga teng» degan qadimchilar qarorini nishonlashga mutasaddi tashkilot rahbarlari bosh qo‘shmadilar. Arxeologlardan Kyudzo Kato bilan Bahodir Turg‘un «Uch yarim ming yilni» takrorlay-takrorlay bevafo ham betakror hayot bilan xayrlashdi.
O‘n sakkizinchidan, Xushboq Rahim «Zanjirband dunyo yoxud Toshtemir dostoni» syujeti voqelik. Voqelik esa izchil va uzilmas, hayot ham asal, ham basaldir. Ayniqsa, mustaqillik yillarida mansabdorlarimizning falsafa qonun, tushunchalarini bilib bilmaslikka olishlari shoir Xushboq Rahimni «Xastaxona»ga mixlab tashladi. Xastaxonada ham u tinchlangani, orom topgani yo‘q, o‘zicha alaxsigani alaxsigan:
Toshtemir, qon bosim, alg‘ov-dalg‘ov tush
Ti-Ti-Zi non emish, stanoklar non.
Detallar pullandi, shayba metallom
Kayfiyat pajmurda, reja za’faron.
Tushlarim ta’birin aytolmasinchi
Birovlar boy emish, amaldor g‘ani.
G‘aribga qo‘shilib yig‘ladim yum-yum
O‘zselmash, Toshselmash boyliklar qani?!
So‘roqlarning javobi aniq, lekin «Jim yurgan boy bo‘ladi». Xasta uchun esa yuqoridagilar farqsiz, ingragani, vaysagani vaysagan, o‘ziga o‘zi pichirlagani pichirlagan:
Yukli kelinchakday beorom boshim
Non haqi, tuz haqi, dovdiramas o‘q.
Dalalar bo‘lingan, yaylov bo‘lingan
Sadaqa, saylovdan endi foyda yo‘q.
Azaldan sinch, ustun odamga odam
Eng katta qadriyat – adab, huquq, erk.
O‘simlik navidan kam emas qonun
Mustaqil davlat ko‘p, darvozalar berk…
O‘n to‘qqizinchidan, Toshtemir Turdi bosh-qosh «Abadiy muhit»ning Denovdan boshqa tumanlarda tashkil topmagani aniq. Denov hokimligi Toshtemir Turdi ishxonasiga ko‘rk qo‘shib turgan saksondan ortiq ijodkorlarning mo‘’jaz foto-suratlari ham, shuncha ijodkorning o‘zi ham bizlar bilgan boshqa tumanlarda yo‘q. Toshtemir Turdining ish kabineti bamisoli bir kutubxona. Mavjud kitoblar esa turli-tuman kasb-hunar egalari bo‘lmish dono, donish, ayniqsa, o‘quvchi yoshlarni ohangraboday o‘ziga tortadi. «Bobo, bobojon!»
Yigirmanchidan, o‘ttizga yaqin kitob, qator-qator maqolalari tufayli Toshtemir Turdi bilan tanishmagan ziyoli, zahmatkash oila a’zolari O‘zbekistonda juda kam topiladi. Bunday xulosamizning haqiqatligini Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning quyidagi so‘zlari to‘la tasdiqlaydi: «Ma’naviyat fidoyisi Toshtemir Turdiyev kabi ilm-fan namoyondalari… nomlarini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.» Shoir Xushboq Rahim esa yozgani yozgan:
Toshtemir Turdi, Denov Denovda,
Zaminday falakni aylangan dunyo.
Charchashni chalg‘itgan, g‘aflatga g‘anim,
Yurak-yuraklarga joylashgan dunyo.
Kiprikda kon qazib, ma’danda o‘sdim,
Biri kam dunyoning mazmuni do‘stim…
Yigirma birinchidan, shoir Xushboq Rahim «Zanjirband dunyo yoxud Toshtemir» doston qahramoni sakson ikki qovun pishig‘ini qoralagan, hozir ham mehnatda mo‘rchani, o‘tkir didda asalarini dog‘da qoldiradigan darajada baquvvat ham bilimdon nuroniy, tashkilotchi, davlat va jamoat arboblaridan biri. U hazratning jussalari ismlariga monand. «Tosh», «Temir». Bizlar Xushboq Rahim dostoni Qahramoni Toshtemir Turdiyevga tabiiy tosh bilan temirning umrini tilaymiz, omon bo‘lsinlar!
Mahmuda Shirinova,
Mehnat faxriysi,
Shohida Mamaniyozova,
Sho‘rchi tumanidagi 10-sonli umumta’lim maktabi
o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi.
--0--