Dual ta’limni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yildi
Oqoltin tumanidagi 1‑son texnikum va Indorama Agro MCHJ o‘rtasida dual ta’limni rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Ushbu tashabbus ta’lim sifatini oshirish, talabalarni ish bozoriga tayyorlash va pedagoglarning kasbiy rivojlanishiga xizmat qiladi.
Tomonlar zamonaviy ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va takomillashtirish, pedagoglarning malakasini oshirish hamda metodologik yordam ko‘rsatishni rejalashtirmoqda. Bu talabalarga nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, ishlab chiqarish jarayonlariga tayyorlash imkonini beradi va ularni zamonaviy sanoat talablariga moslashtirishga xizmat qiladi.

Hamkorlik doirasida pedagoglar uchun malaka oshirish kurslari va amaliyot asosidagi treninglar ham tashkil etiladi. Bu ularga kasbiy mahoratini yanada mustahkamlash va zamonaviy ta’lim standartlariga muvofiq bilim berish imkonini beradi.
– Ushbu hamkorlik talabalarimiz uchun nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, ularni zamonaviy sanoat talablariga tayyorlash imkonini beradi. Shuningdek, pedagoglarimiz uchun ham kasbiy rivojlanish va malaka oshirishga keng imkoniyatlar yaratiladi, – deydi Oqoltin tumanidagi 1‑son texnikum direktori Esonboy Boboyev.

Tomonlar ushbu hamkorlikni kelgusida yanada kengaytirish va dual ta’limni hududda samarali rivojlantirish niyatida. Bu tashabbus nafaqat ta’lim sifatini oshirish, balki mahalliy sanoat va iqtisodiyotga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri