"Shinjon" usulida chigit ekish qizg‘in
Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanidagi “Mehnatobod- Dehqonobod” hududida joylashgan “Toshpo‘lat hoji” va “Oyatillo” fermer xo‘jaliklarida bugungi kunda jahon tajribasida o‘zini oqlagan zamonaviy “Shinjon” usuli asosida chigit ekish ishlari olib borilmoqda.
Xususan, chigitlar plyonka ostiga, qo‘shqator 76X10 sxemada ekilib, tomchilatib sug‘orish texnologiyasi bilan uyg‘unlashtirilgan holda amalga oshirilmoqda. Bu esa suv tejamkorligini ta’minlash, tuproq namligini saqlash va chigitning bir maromda unib chiqishiga xizmat qilmoqda.


Ahamiyatli jihati shundaki, ushbu agrotexnologik jarayonlar xorijiy tajriba asosida, xususan, xitoylik agromutaxassislarning amaliy ko‘rsatmalari va tavsiyalari asosida yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa texnologiyaning to‘g‘ri va samarali qo‘llanilishini ta’minlab, yuqori natijalarga erishish imkonini bermoqda.


“Shinjon” usuli mehnat unumdorligini oshirish, xarajatlarni qisqartirish hamda yuqori va sifatli hosil yetishtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois bugungi kunda ushbu usul tumanda keng joriy etilmoqda.

Joriy yilda Uchqo‘rg‘on tumanida jami 2 ming 438 gektar maydonda yangi usulda chigit ekish ishlari amalga oshirilmoqda. Ayni paytda ushbu yo‘nalishdagi ishlar izchil davom etmoqda va fermerlar tomonidan keng qo‘llanilmoqda.

Zamonaviy agrotexnologiyalarning joriy etilishi nafaqat hosildorlikni oshirish, balki qishloq xo‘jaligini yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.

Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi ishchi guruh qishloq ho‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Uchqo‘rg‘on tumanida olib borgan o‘rganishlari davomida fermerlarning sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirib, chigit ekishdagi yangi usulni keng joriy etish yuzasidan o‘z tavsiya va topshiriqlarini berdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA