Shaxsiy fotosuratlarni tarqatish bilan tahdid qilganlar 20 ming dollar talab qilgan
Ichki ishlar vazirligi tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar bilan hamkorlikda yurtimiz bo‘ylab “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari davom etmoqda.
IIV axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, tadbir doirasida shaxsiy fotosuratlarni internetda tarqatish bilan tahdid qilib, 20 ming dollar talab qilgan ayollar qo‘lga olindi.
IIV Tezkor qidiruv xizmati hamda DXX tizimi xodimlari hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbir davomida ikki nafar ayolning jinoiy harakatlariga chek qo‘yildi.
Aniqlanishicha, 2001-yilda tug‘ilgan ayol o‘ziga avvaldan tanish bo‘lgan, Toshkent shahrida yashovchi 1989-yilda tug‘ilgan ayol bilan oldindan jinoiy til biriktirgan.
Ulardan biri TikTok ijtimoiy tarmog‘i orqali Andijon tumanida yashovchi 2002-yilda tug‘ilgan erkak bilan tanishib, ishqiy munosabat o‘rnatgan.
Shundan so‘ng, jabrlanuvchining shaxsiga oid fotosuratlar ustiga turli uyatli va haqoratli yozuvlar yozib, ularni TikTok hamda Instagram ijtimoiy tarmoqlarida tarqatish bilan qo‘rqitgan. Ushbu materiallarni o‘chirib tashlash evaziga jabrlanuvchidan 20 ming AQSH dollari miqdorida pul talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchilar kelishilgan mablag‘ning bir qismi – 7 ming AQSH dollarini tovlamachilik yo‘li bilan bank plastik kartasiga o‘tkazib olayotgan vaqtda tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
IIV barcha fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlar orqali sodir etilayotgan tovlamachilik holatlariga nisbatan ogoh bo‘lishga chaqirdi. Yuqoridagi kabi holatlarga duch kelganda, noqonuniy harakatlar haqida ichki ishlar organlariga xabar berish so‘raldi.
N.Abduraimova, O‘zA