Shaxmat: Bugun Nodirbek Yoqubboyev Magnus Karlsen bilan kuch sinashadi
Bugun, 6-aprel kuni Germaniyada mukofot jamg‘armasi 285 ming yevrodan iborat “Grenke Chess Festival-2026” turnirining 8-turida mahoratli shaxmatchimiz Nodirbek Yoqubboyev oq donalarda norvegiyalik Magnus Karlsen bilan kuch sinashadi.
Jahon shaxmat ishqibozlari e’tiborida bo‘lgan turnirning “Freestyle open” guruhida ortda qolgan 6 va 7-turlardan keyin 5,5 ochko jamg‘argan grossmeysterlarimiz Nodirbek Abdusattorov 8-o‘rin, Nodirbek Yoqubboyev 10-o‘rinda harakatlanmoqda.
Nodirbek Abdusattorov 6-turda qora donalarda germaniyalik Daniel Xasrat, 7-turda rossiyalik Yan Nepomnyashiy bilan murosa yo‘lini tanladi. Yoqubboyev esa oq donalarda ukrainalik Aleksandr Bortnik bilan durang qayd etdi. Hindistonlik Krishnan Sasikirandan ustun keldi.

7-turda Magnus Karlsen bilan durang o‘ynagan germaniyalik Vinsent Keymer 6,5 ochko bilan yakka peshqadamga aylandi. Serbiyalik Aleksey Sarana, fransuz Maksim Vashe-Lagrav va hindistonlik Pranav 6 ochko bilan keyingi pog‘onalarni band etgan.
Shuningdek, terma jamoamiz a’zolaridan Shamsiddin Vohidov 4,5 ochko bilan 52, 4 ochkoga ega Afruza Hamdamova 83-o‘rinda harakatlanmoqda.
Bugun kun davomida o‘tadigan 8-turda Abdusattorov qora donalarda fransiyalik Gata Kamskiyga, Shamsiddin Vohidov hindistonlik Siva Mahadevanga, Afruza Hamdamova germaniyalik Mark Meyersga qarshi dona suradi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA