Sharqona miniatyura san’atining mohir ustasi
Samarqandlik miniatyurachi rassom, usta hunarmand Mansur Nurillayev 32 yildan buyon sharqona miniatyura san’ati bilan shug‘ullanib kelmoqda. U yog‘och, sopol va teri buyumlariga nafis tasvirlar tushirib, milliy amaliy san’at an’analarini davom ettirmoqda.
Samarqand shahridagi Ruhobod maqbarasi hududida joylashgan mo‘’jaz ustaxonada ijod qilayotgan hunarmand miniatyura san’ati sirlarini ustozi Ahmad Umarovdan o‘rgangan. Bugunga qadar o‘ndan ortiq shogird tayyorlab, ularning mustaqil ijodiy faoliyat boshlashiga ko‘maklashgan.
Mansur Nurillayev milliy hunarmandchilik an’analarining davomiyligini ta’minlash, yoshlarni ushbu san’atga keng jalb etish maqsadida amaliy san’at maktabini tashkil etishni rejalashtirmoqda.
– Milliy hunarmandchiligimizga qiziqish yuqori, - deydi Mansur Nurillayev. – Bu qiziqishni yanada oshirish, san’atimiz sirlarini yosh avlodga o‘rgatish muhim. O‘zimiz ham ustozimiz Ahmad Umarovdan kasb sirlarini o‘rganib, miniatyura chizishni boshlaganmiz. Endi bu an’anani davom ettirish bizning zimmamizdagi mas’uliyatdir. Shu maqsadda Samarqand tumanidagi Konigil turizm qishlog‘ida miniatyura maktabini ochish niyatidaman. U yerda nafaqat miniatyura rassomchiligi, balki amaliy san’atning boshqa yo‘nalishlarini ham o‘rgatishni rejalashtiryapman. Zero, hunarmandchilikni rivojlantirishda ijodiy izlanish bilan birga iqtisodiy imkoniyatlarni ham hisobga olish zarur.
Hunarmand an’anaviy miniatyura namunalarini yaratish bilan birga, ijodida yangicha usul va g‘oyalarga ham murojaat qilmoqda. Xususan, turli hajmdagi suvqovoqlardan tungi yoritkichlar, archa o‘yinchoqlari tayyorlab, ularni nafis miniatyura tasvirlari bilan bezamoqda.
Ustaning o‘ziga xos bu buyumlari mahalliy va xorijlik sayyohlarda qiziqish uyg‘otmoqda. Joriy yildan esa suvqovoqdan xotin-qizlar taqinchoqlari va boshqa bezak buyumlarini saqlashga mo‘ljallangan qutichalar tayyorlashni ham yo‘lga qo‘ydi.
– Har bir hunarmand bozor talabini o‘rganib, o‘z faoliyatiga yangilik kiritib borishi kerak, - deydi usta. – An’anaviy miniatyura san’atining o‘z ixlosmandlari bor. Biroq xaridorlar ehtiyojidan kelib chiqib, yangi mahsulotlar yaratish ham muhim. Shu bois suvqovoqdan turli buyumlar tayyorlashni kengaytiryapman. Shuningdek, miniatyura tasvirlari bilan bezatilgan turli hajmdagi qutichalar ishlab chiqarishni qayta yo‘lga qo‘ydim. Bir muddat ularga qiziqish kamaygan edi, hozir esa talab yana ortmoqda. Hunarmandchilikni rivojlantirishda zamonaviy savdo usullaridan foydalanish, xususan, onlayn savdoni keng yo‘lga qo‘yish ham muhim, deb hisoblayman.
Mansur Nurillayev xalqaro ko‘rgazmalarda ham muntazam ishtirok etib, o‘z ijod namunalarini xorijlik san’at ixlosmandlariga namoyish etib kelmoqda.
[gallery-32118]
Jumladan, yaqinda Turkiyada o‘tkazilgan “Craft Istanbul – 2026” xalqaro hunarmandchilik ko‘rgazmasida o‘zbekistonlik ustalarning ijod namunalari katta qiziqish bilan kutib olindi. Ushbu nufuzli tadbirda ishtirok etgan Mansur Nurillayev yangi g‘oya va tashabbuslar bilan qaytdi.
Usta hunarmandning bugungi izlanishlari milliy miniatyura san’ati an’analarini asrab-avaylash, uni zamonaviy talablar asosida rivojlantirish va kelgusi avlodlarga yetkazishga qaratilgan.
Alisher ISROILOV (surat), O‘zA