Bo‘lajak jurnalistlar televideniye faoliyati bilan tanishdi
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi huzuridagi «Yosh jurnalistlar mahorat maktabi» tinglovchilari viloyat teleradiokanalida bo‘lib, telejurnalistika sohasining o‘ziga xos jihatlari va ijodiy jarayonlar bilan yaqindan tanishdi.
Navoiy viloyati «Matbuot uyi»da faoliyat yuritayotgan mazkur mahorat maktabida jurnalistikaga qiziquvchi yoshlarga nazariy va amaliy bilimlar berib kelinmoqda. Mashg‘ulotlar davomida tinglovchilar maqola yozish, axborot tayyorlash, mavzu tanlash va jurnalistik materiallar ustida ishlash ko‘nikmalarini egallayapt. Ular tomonidan tayyorlangan turkum maqolalar mahalliy gazetalar sahifalarida ham chop etilmoqda.
Yoshlarning kasbga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlash maqsadida viloyat teleradiokanaliga tashrif tashkil etildi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Otabek Aslonov rahbarligida, uyushma a’zosi, mahorat maktabi rahbari Zebo Qutliyeva ishtirokida o‘tkazilgan amaliy mashg‘ulotda tinglovchilar teleradiokanalning ijodiy va texnik faoliyati bilan tanishdi.
Yoshlar teleradiokanalda teledasturlarni tayyorlash, tasvirga olish va montaj qilish, jonli efirni tashkil etish hamda zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalanish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
[gallery-32135]
Shuningdek, kamera qarshisida erkin va ravon so‘zlash, efir hayajonini yengish, televizion matn yozish, yangiliklar va reportajlar tayyorlashning o‘ziga xos jihatlari haqida amaliy tushunchalarga ega bo‘ldi.
Bu kabi amaliy mashg‘ulotlar yoshlarning kasbiy mahoratini oshirish, nazariy bilimlarini mustahkamlash va mustaqil ijodiy faoliyatga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA