Shahar qiyofasiga ko‘rk bag‘ishladi
Andijon shahridagi Bobur shohko‘chasining ikki qismini bog‘lovchi yo‘l o‘tkazgich hamda ushbu ko‘chaning “Yangi bozor dehqon bozori” qismidagi piyodalar o‘tish ko‘prigining foydalanishga topshirilganligi aholi uchun katta qulaylik yaratdi.
Shaharda transport qatnovidagi tirbandliklarni kamaytirish, shahar markazlarini o‘zaro bog‘laydigan va aylanib o‘tilayotgan masofani bartaraf etish, aholiga qulayliklar yaratish maqsadida barpo etilgan avtomobil ko‘prigining umumiy uzunligi — 796 metr, estakada qismi — 596 metr, tirkama devorlar uzunligi — 200 metr, kengligi esa 25,9 metrdan iborat.
Ushbu ko‘prik umumiy qiymati 271 milliard so‘m bo‘lgan loyiha doirasida “Ko‘prikqurilish” AJ tomonidan qurildi. Endilikda ko‘chaning birinchi qismidan ikkinchi qismiga o‘tish uchun sarflanadigan vaqti 17 daqiqaga qisqardi.
[gallery-31683]
– Men Bobur shohko‘chasining Yangi bozor hududidagi qismida yashayman, – deydi fuqaro Zohidjon Homidov. – Ko‘chaning ikkinchi qismida joylashgan ishxonamga yetib borguncha avval 30-35 daqiqa sarflar edim. Agar tirbandlik bo‘lsa 50 daqiqa vaqt ketar edi. Yangi ko‘prik ishga tushgach, ishga borish uchun 15 daqiqa vaqt sarflayapman, eng asosiysi, tirbandlik yo‘qoldi. Yangi ko‘prik qurilib, ishga tushirilganligidan butun Andijon ahli xursand. Ko‘prik nafaqat odamlarning uzog‘ini yaqin qildi, balki shahrimiz qiyofasiga ko‘rk bag‘ishladi.
Shaharning Yangi bozor hududidagi piyodalar o‘tish joyi Andijon shahridagi eng gavjum joy hisoblanadi. Bozorga keluvchilar, qolaversa, Asaka, Marhamat, Shahrixon, Bo‘ston tumanlaridan keladigan yo‘lovchi tashuvchi transport vositalari aynan shu joyga kelib to‘xtaydi. Tumanlardan kelgan fuqarolarning aksariyati mazkur piyodalar yo‘lagidan o‘tib, keyin shaharning turli joylariga ketadi. Shu bois ham ushbu piyodalar o‘tish joyida doimiy tirbandlik yuzaga kelar edi.
Piyodalar uchun osma ko‘prik barpo etilishi, ayniqsa, chiqish va tushish uchun eskalator, nogiron fuqarolar uchun lift o‘rnatilganligi aholiga juda katta qulaylik yaratdi. Bu bilan mazkur hududdagi tirbandlikka barham berildi, ham piyodalar, ham transport vositalarining xavfsiz harakatlanishi uchun imkon yaratildi.
– Men Asaka tumanida yashab, har kuni Andijon davlat universitetiga ishga kelaman, – deydi ADU o‘qituvchisi Xurshidaxon A’zamova. – Ushbu piyodalar o‘tish joyi ko‘plar qatori menga ham qiyinchilik tug‘dirar edi. Mana, piyodalar uchun osma ko‘prik qurildi. Endi bu yerdan xavfsiz, emin-erkin o‘ta olyapmiz. Xalqimizga yaratilayotgan bu kabi qulayliklar uchun avvalo, Prezidentimizga, qolaversa, shunday xayrli ishlarga bosh-qosh bo‘layotgan barcha mas’ullarga rahmat aytaman.
Bir so‘z bilan aytganda, yurtdoshlarimiz uchun yaratilayotgan bu kabi qulayliklar, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari odamlarning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilmoqda, turmush farovonligini yuksaltirmoqda, ertangi kunga bo‘lgan ishonchni mustahkamlamoqda.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari.