Deputat tashabbusi bilan Mustaqilobodda uzoq yillik muammolar hal etildi
Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanidagi Mustaqilobod mahallasida yillar davomida aholini qiynab kelgan bir qator muammolar bugun bosqichma-bosqich o‘z yechimini topmoqda. Bunga esa, avvalo, aholi murojaatlarini joyida o‘rganib, masalani tuman Kengashi muhokamasiga olib chiqqan va deputatlik so‘rovi kiritgan shu hududdan saylangan deputat Ahmad Xudoyberdiyevning tashabbusi turtki bo‘ldi.
Gap, xususan, mahalladagi yo‘llar, elektr ta’minoti, sug‘orish tarmog‘i va mahalla idorasi binosi bilan bog‘liq muammolar haqida bormoqda.
Prezidentimizning tegishli qarori asosida Kasbi tumanidagi 6 ta og‘ir mahalla tegishli dasturga kiritilgan bo‘lib, ulardagi muammolarni bartaraf etish uchun zarur mablag‘lar yo‘naltirilmoqda. Shu asosda Mustaqilobod mahallasiga respublika byudjetidan 3 milliard so‘m ajratildi.
– Yo‘llar juda abgor edi. Bu masala bo‘yicha aholidan ko‘plab murojaatlar kelib tushgan. Ommaviy qabullarda ham masala ko‘tarildi. Shuning uchun deputatlik so‘rovi kiritib, muammoning yechimiga erishdik. Bugun odamlarimiz amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlaridan mamnun, – deydi tuman Kengashi deputati Ahmad Xudoyberdiyev.
Ayni paytda mahallada 4 kilometr asfalt yo‘l qurildi. Yana 8 kilometr yo‘lga qum-shag‘al aralashmasi yotqizilmoqda. Bu, avvalo, aholi yillar davomida kutib kelgan transport qatnovi bilan bog‘liq muammolarni yengillashtirishga xizmat qiladi.
[gallery-31666]
Mahalladagi uchta qishloqning elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida har bir hududga 250 kilovoltli 3 ta transformator o‘rnatilmoqda. Shuningdek, 5 kilometr havo elektr uzatish tarmog‘i beton ustunlar bilan yangidan tortilmoqda.
Muammolar faqat yo‘l va elektr ta’minoti bilan cheklanmaydi. Shu paytgacha mahalla idorasi maktab binosida faoliyat yuritgan. Endi hududda yangi mahalla binosi qurilmoqda.
Aholining tomorqadan unumli foydalanishi uchun ham sharoit yaratiladi. Xususan, 388 ta xonadonning 70 gektardan ziyod tomorqa maydonini sug‘orish uchun 1 kilometr lotok tortish rejalashtirilgan.
– Bu ishlar aholi uchun juda kerak edi. Ayniqsa, tomorqalarni sug‘orishda suv masalasi ancha qiyinchilik tug‘dirardi. Lotok tortilishi bilan odamlar yerlaridan unumliroq foydalanish imkoniga ega bo‘ladi, – deydi Mustaqilobod qishlog‘i oqsoqoli Bayram Omonov.
Ma’lum qilinishicha, Kasbi tumanida dastur doirasida jami 88 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Bu mablag‘larning mahallalarda aholi uchun eng dolzarb bo‘lgan masalalarga yo‘naltirilayotgani esa deputatlik faoliyatining joylardagi murojaatlar bilan bevosita bog‘liqligini ko‘rsatmoqda.
Mustaqiloboddagi ishlar misolida ham bir haqiqat yaqqol ko‘rinadi: aholining muammosi joyida o‘rganilib, vakillik organiga olib chiqilsa va uning yechimi izchil nazorat qilinsa, murojaat qog‘ozda qolib ketmay, aniq natijaga aylanadi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari