Seuldagi oliy darajadagi muzokaralar ikki mamlakat munosabatlarida yangi sahifa ochmoqda
Ko‘p yillik diplomatik kuzatuvlar va siyosiy jarayonlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlar bugungi kunda chinakam strategik sheriklikning yuksak namunasiga aylandi. Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga amalga oshirayotgan davlat tashrifi va Seul shahrida o‘tkazilgan oliy darajadagi muzokaralar ana shu uzoqni ko‘zlab olib borilgan sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi bo‘lib, ikki mamlakat hamkorligida yangi, yanada mas’uliyatli sahifani ochib berdi.

Agar, diplomatik munosabatlarimiz tarixiga nazar tashlasak, Koreya Respublikasi bilan 1992-yilda rasmiy aloqalar o‘rnatilganidan buyon bosib o‘tilgan yo‘l naqadar mazmunli va samarali bo‘lganining guvohi bo‘lamiz. Shuni alohida qayd etish joizki, bu munosabatlar hech qachon vaqtinchalik kon’yunkturaga asoslanmagan. Aksincha, ular mustahkam siyosiy iroda, o‘zaro hurmat va manfaatlarni hisobga olish tamoyillari asosida yildan-yilga mustahkamlanib bordi. So‘nggi yillarda esa oliy darajadagi muntazam muloqotlar tufayli bu aloqalar sifat jihatidan yangi – “alohida strategik sheriklik” darajasiga ko‘tarildi.
Jumladan, bugungi kunda ikki tomonlama munosabatlarning poydevorini kuchli iqtisodiy mazmun tashkil etadi. Mamlakatimizda Koreya sarmoyasi ishtirokidagi 700 dan ortiq qo‘shma korxonaning faoliyat yuritayotgani, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA), Eksimbank va “EDCF” jamg‘armasi ko‘magida sanoat, AKT, energetika, tibbiyot hamda qishloq xo‘jaligi sohalarida o‘nlab strategik loyihalar hayotga tatbiq etilayotgani buning yaqqol dalilidir.
Seuldagi muzokaralarda davlatimiz rahbari iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishning beshta asosiy ustuvor yo‘nalishini ko‘rsatib o‘tdi. Bular – savdo aloqalarini izchil diversifikatsiya qilish, investitsiyalar hajmini sezilarli darajada oshirish, muhim minerallar resurslarini chuqur qayta ishlash, shuningdek, transport va infratuzilma sohalarida integratsiyani chuqurlashtirishdir. Tashrif doirasida umumiy qiymati qariyb 12 milliard dollarlik istiqbolli investitsiya loyihalarining tayyorlangani va Koreya Eksimbanki bilan Strategik hamkorlik dasturi qabul qilingani mamlakatimiz iqtisodiyotiga bildirilayotgan ulkan ishonchning amaliy ifodasidir.
Ushbu tashrifdagi yana bir muhim jihat – tomonlarning Koreyaning ilg‘or texnologiyalari va Yangi O‘zbekistonning boy xomashyo hamda kadrlar salohiyatini birlashtirgan mustahkam innovatsion va texnologik alyansni shakllantirishga intilayotganidir.
Bu alyans axborot texnologiyalari, kiberxavfsizlik, raqamli yechimlar, zamonaviy tibbiyot va farmatsevtika sanoatini rivojlantirishga qaratilgani bilan g‘oyat ahamiyatlidir. Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik tarixida ilk bor o‘tkazilgan Hududlararo forumning yuqori natijalari va keyingi forumni tarixiy Samarqand shahrida o‘tkazish bo‘yicha kelishuv hududlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yangi bosqichga ko‘taradi.
Davlatimiz rahbari hamda Koreya Respublikasi Bosh vaziri Xan Son Suk ishtirokida o‘tkazilgan qo‘shma biznes forumda “Lotte Chemical”, “Hyundai Motor Group”, “Samsung C&T”, “CJ Group”, “Shinhan Financial Group”, “Hyundai Rotem”, “KIND”, “Kia Corporation” kabi jahon sanoatining yetakchilaridan hisoblangan ko‘plab yirik kompaniyalarning qatnashgani bejiz emas. Bu O‘zbekistonda so‘nggi yillarda yaratilgan ochiq, erkin va xavfsiz investitsiya muhitining eng ishonchli natijasidir. Forumda misni chuqur qayta ishlash, elektrotexnika, elektromobil sanoati uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarish, yarimo‘tkazgichlar va mikroelektronika sohalarida qo‘shma loyihalarni boshlash bo‘yicha erishilgan kelishuvlar yaqin kelajakda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar tayyorlash zanjirini yaratishga xizmat qiladi.
Davlat tashrifi doirasida Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri Cho Chjon Shik bilan o‘tkazilgan uchrashuv qonun chiqaruvchi organlar o‘rtasidagi hamkorlik mamlakatlar rahbarlari darajasida erishilgan kelishuvlar ijrosini ta’minlashda parlament monitoringi mexanizmini yaratish naqadar muhimligini ko‘rsatdi. 2027-yilda diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 35 yilligini nishonlash arafasida “parlament diplomatiyasi” doirasida qo‘shma tadbirlarni o‘tkazishga kelishib olingani o‘z vaqtidagi qadamdir.
Har qanday davlatlararo munosabatlarning poydevori esa xalqlar o‘rtasidagi ma’naviy rishtalarga tayanadi. Yurtimizda faoliyat yurituvchi Janubiy Koreya universitetlarining filiallari, KOICA ko‘magidagi kasb-hunarga o‘qitish markazlari yoshlarimizning kelajagi uchun muhim poydevor yaratmoqda. Prezidentimiz haqli ravishda ta’kidlaganidek, ko‘p sonli koreys diasporasi O‘zbekiston ko‘p millatli oilasining ajralmas qismi hamda xalqlarimiz o‘rtasidagi muqaddas “ma’naviy ko‘prik”dir.
Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga amalga oshirayotgan davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarda haqiqiy burilish yasadi. Seulda erishilgan ulkan kelishuvlar, jumladan, qariyb 12 milliard dollarlik investitsiya portfelining shakllantirilishi, savdo-iqtisodiy va texnologik hamkorlikning yangi – innovatsion alyans darajasiga ko‘tarilishi hamda parlament va hududlar o‘rtasidagi aloqalarning faollashuvi strategik sheriklikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi.
Ayni paytda, 2027-yilni “Madaniyat va o‘zaro almashinuvlar yili” deb e’lon qilish hamda diplomatik aloqalarning 35 yilligini keng nishonlash borasidagi kelishuvlar ikki xalqni bir-biriga yanada yaqinlashtiruvchi mustahkam ma’naviy poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Umuman olganda, ushbu tarixiy tashrif doirasida qabul qilingan har bir qaror va imzolangan bitimlar nafaqat bugungi kun manfaatlari, balki kelajakdagi umumiy taraqqiyot va farovonlik marralarini kafolatlovchi ishonchli strategik poydevordir.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Ekologiya va atrof-muhitni
muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA