Sergey va Maksim Gruziya turnirida ikkinchi davraga yo‘l oldi
Gruziyada tennis bo‘yicha erkaklar o‘rtasida M25 toifasiga kiruvchi “Kutaisi Open” xalqaro turnirida Sergey Fomin va Maksim Shin yakkalik bellashuvlarda ikkinchi davraga chiqdi.
Mukofot jamg‘armasi 30 ming AQSH dollarini tashkil etuvchi ushbu turnirning yakkalik bahslarida mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi Sergey Fomin neytral tennischi Mixail Kulyaginni 6:2, 6:1, Maksim Shin esa portugaliyalik Franchesko Fariani har ikkala setda bir xil - 6:4 hisobida taslim etdi.
Endi Sergey navbatdagi bosqichda gruziyalik Nika Bidzinashviliga qarshi kortga chiqsa, Maksim Daniil Sarkisyanga qarshi o‘yin o‘tkazadi.
Eslatib o‘tamiz, musobaqaning juftlik bahslarida hamyurtimiz Denis Istomin va Maksim Shin birgalikda ruminiyalik Lukash Gustin va kanadalik Nikolalon tandemini 7:6, 4:6 va 10:4 hisobida taslim etgan edi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA