Sergey Fomin bosh sovrin uchun muvaffaqiyatli qadam tashladi
Tennis bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining birinchi raqamli tennischisi Sergey Fomin Qozog‘istonning Chimkent shahrida “Challenger 50” turkumiga kiruvchi musobaqani g‘alaba bilan boshladi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak tennischimiz sovrin jamg‘armasi 63 ming AQSH dollarini tashkil etayotgan “Shymkent 2” xalqaro turnirining yakkalik bahslaridagi ilk o‘yinini niderlandiyalik Yelle Selsga qarshi o‘tkazdi va 6:3, 7:6 hisobida raqibini taslim etdi. Endi Sergey Fomin ikkinchi davrada germaniyalik Maks Xans Reberkka qarshi kortga chiqadi.
Shuningdek, u bugun juftliklar o‘rtasida neytral tennischi Anton Chexov bilan tandemda qozog‘istonlik Timur Saulenko va Arseniy Trebukin dueti bilan raqobatlashadi.
Darvoqe, Xotin-qizlar tennis uyushmasi tomonidan “WTA125” tasnifiga kiruvchi “Catalonia Open” musobaqasiga Ispaniyaning La-Bisbal-del-Ampurdan shahri mezbonlik qilmoqda. Unda hamyurtimiz Kamilla Rahimova asosiy to‘rning ilk bosqichida rossiyalik Yelena Pridankinaga 4:6, 3:6 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA