Senatda “Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun ma’qullandi
Ma’lumki, “Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun Senatning 16-yalpi majlisida muhokama qilinib, takomillashtirish bo‘yicha takliflar bilan birga Qonunchilik palatasiga yuborilgan edi.
Senatorlar va deputatlardan iborat kelishuv komissiyasi manfaatdor davlat organlari va tashkilotlar vakillarini jalb qilgan holda qonunni qayta ishlab chiqdi.
Mazkur qonun Senatning yalpi majlisida muhokama qilindi.

Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev mazkur qonun mamlakatimizda investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash, xalqaro kapitalni jalb qilish hamda zamonaviy moliya infratuzilmasini shakllantirishga qaratilganini ta’kidladi.
Konstitutsiyaviy qonunda Toshkent xalqaro moliya markazining alohida hudud sifatidagi maqomi, faoliyatining asosiy prinsiplari belgilangan.
Shu bilan birga, Moliya markazi hududida xalqaro investorlar uchun moliyaviy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan normalar ham qonunga kiritilmoqda.
Moliyaviy xizmatlar boshqarmasi moliyaviy xizmatlar va qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatning litsenziyalanishi, tartibga solinishi, nazorat qilinishi va majburlov choralari qo‘llanilishi uchun mas’ul etib belgilanmoqda. Toshkent xalqaro tijorat sudi esa o‘z yurisdiksiyasiga kiruvchi nizolarni sud tartibida hal etish va sud ma’muriyatchiligi bo‘yicha mutlaq vakolatlarga ega bo‘ladi.
Senat a’zolari ta’kidlaganidek, mazkur qonun kapital bozorini rivojlantirish, investitsiya oqimini kengaytirish uchun muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Moliya markazi ishtirokchilari uchun yaratilayotgan imkoniyatlarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, chet ellik mutaxassislarni mehnat faoliyati huquqiga doir tasdiqnoma olmasdan ishga qabul qilish hamda Moliya markazining shaxsi hisoblangan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar kirish vizasini besh yilgacha bo‘lgan muddatga olishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.
Senatorlar qonunni ma’qulladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA