Senatda inson huquqlari himoyasi bosh mavzuga aylandi (+video)
Toshkent shahrida joriy yilning 7-8-aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqargan yalpi majlis birinchi ish kunida pulli yo‘llar bunyod etish, mulk huquqi kafolatlari mustahkamlanishi, rieltorlik, sud-ekspertlik, qo‘riqlash faoliyatiga oid qonunlar ko‘rib chiqildi.
Davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash masalasi qonunchilikka kiritildi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi qonunlarda aks ettirildi.
Yalpi majlisning ikkinchi ish kunida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning 2025-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi ma’ruzasi eshitildi.
Inson huquqlari himoyasi bilan bog‘liq ushbu mavzu yalpi majlisning bosh mavzularidan biriga aylandi. Chunki, aynan Inson huquqlari bo‘yicha vakil Feruza Eshmatovaning ma’ruzasi Senat raisi hamda senatorlarni ko‘proq qiziqtirdi, muhokama va munozaralar uzoq davom etdi.
Qayd etilishicha, 2025-yilda Ombudsman nomiga 26 ming 372 murojaat kelib tushgan. Inson huquqlari sohasidagi qonunbuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan 194 ta’sir chorasi kiritilib, ularning 82 foizi ijobiy hal etilgan. Natijada fuqarolar foydasiga 11 milliard 82 million so‘m mablag‘ undirilgan.
Inson huquqlarini buzgan 118 nafar mas’ul shaxs intizomiy, ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 954 marotaba monitoring tashrifi amalga oshirilgan.
Yalpi majlisda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan ayrim kamchilik va muammolar ham kuzatilayotgani ta’kidlab o‘tildi. Xususan, 2025-yilda Ombudsmanga kelib tushgan murojaatlar soni 12,6 foizga ortgan.
Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik, oilada ayolning tahqirlanishi hamda shaxsiy hayotga o‘zboshimchalik bilan aralashish masalalari bo‘yicha 585 murojaat kelib tushgan bo‘lib, bu 2024-yilga nisbatan 291 taga oshgan.
Bu ko‘rsatkich mazkur yo‘nalishdagi muammolarning dolzarbligi saqlanib qolayotganini hamda profilaktika va himoya mexanizmlarini yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.
Muhokamalar davomida qonunchilikda belgilangan ta’sir choralaridan samarali foydalanish, murojaatlarni eng ko‘p kelib tushgan hududlar kesimida o‘rganish, mintaqaviy vakillarning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish bo‘yicha faoliyatini takomillashtirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi.
Yalpi majlisda, shuningdek, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini takomillashtirishga oid qonun muhokama qilindi. Mazkur qonun bilan onlayn to‘lov tizimlarida uchraydigan firibgarlikka chek qo‘yishga oid me’yor belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Hukumati o‘rtasida ushlab berish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish masalasi ko‘rib chiqildi.
O‘zbekistonning Birlashgan Arab Amirliklari (BAA)dagi Favqulodda va muxtor elchisi tayinlandi. Oliy sud tarkibiga o‘zgartirishlar kiritildi.
Shu bilan Senatning o‘n to‘rtinchi yalpi majlisi yakuniga yetdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/HOb--a7kQVA" title="Senatda inson huquqlari himoyasi bosh mavzuga aylandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Norgul Abduraimova, Nosirjon Haydarov (surat),
Doniyor Yoqubov (video), Salim Obidjonov (montaj), O‘zA