Senat: yangi sharoitdagi mas’uliyatli davrga qadam qo‘yildi
Senatorlar zimmasiga yuklangan mas’uliyat amalda qanday ta’minlanayotgani kelgusida ijtimoiy hayotimiz, xalqimizning turmush darajasida aks etib boradi.
Senat – mamlakatning asosiy vakillik organlaridan biri bo‘lib, ijtimoiy-siyosiy va davlat-mintaqaviy vakillikni ifoda etadi.
Boshqacha aytganda, qonun chiqaruvchi oliy organ, parlamentning yuqori palatasi – Senat huquq va qonun ustunligini ta’minlash, xalqimiz manfaatlarini himoya qilish, hokimiyat tarmoqlari chegaralanishi va muvozanatda bo‘lishini ta’minlash yo‘lida izchil faoliyat yuritib kelmoqda.
Senat faoliyatining yakuniga yetgan o‘tgan besh yilida nafaqat qonunlarni takomillashtirish va ma’qullash, balki ularning xalqqa yetib borishi va ijro etilishiga ko‘proq urg‘u berildi. Har bir yalpi majlis joylarda aniqlangan muammolar va ularning yechimlari haqidagi axborotlar bilan boshlanishi yo‘lga qo‘yilgani buning yaqqol dalillaridan biridir.

Mana shuning o‘zi majlisbozlikdan amaliy ishlarga o‘tilganini ko‘rsatib beruvchi muhim omil bo‘ldi. Mamlakatga investitsiyalar kiritish uchun qanday ishlar olib borilayapdi, kiritilgan investitsiyalar qanday o‘zlashtirilayotgani ham Senatda ko‘riladigan muhim masalalardan biriga aylandi. O‘zbekistonning imiji, xalqaro reytinglardagi o‘rni bo‘yicha izchil ishlar olib borildi. Zero, yaxshi reytingga xalq hayot darajasi, huquqlari kafolatlanishi, manfaatlari ta’minlanishi orqali erishiladi. Aynan shu kabi masalalarda senatorlar mas’ul mansabdorlar, hatto xorijiy davlatlardagi elchilardan hisobot so‘rash amaliyotini yo‘lga qo‘ydi.
Kuni kecha poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi yalpi majlisida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ham yuqori palataning shu kabi ishlarini e’tirof etib, avvalgi tarkib mamlakatimiz rivojiga munosib hissa qo‘shganini alohida ta’kidladi.
“Oxirgi besh yilda yuqori palata tomonidan 106 marta hisobotlar eshitilgan, ijro organlariga 1,3 ming so‘rov kiritilgan. Parlamentning xalqaro maydondagi nufuzi ham sezilarli darajada oshgan. O‘tgan davrda xorijiy davlatlar bilan parlamentlararo do‘stlik guruhlari soni 26 tadan 73 taga yetgan”, dedi davlatimiz rahbari.
Aytib o‘tish kerakki, konstitutsiyaviy islohotlar natijasida Senat tarkibi ixchamlashib, uning a’zolari soni 100 nafardan 65 nafarga qisqardi. Ayni vaqtda senatorlarning vakolatlari va mas’uliyati bir necha barobar oshdi. Xususan, yuqori palataning parlament nazorati va bir qator muhim davlat organlarini shakllantirishdagi ishtiroki sezilarli ravishda kengaytirildi. Senatga ham qonunchilik taklifi kiritish huquqi berildi.
– Mana shunday g‘oyat tahlikali vaziyatda biz faqat kuchli iroda, birlik va hamjihatlik, qattiq mehnat bilangina yurtimizda tinchlik va taraqqiyotni ta’minlashga erisha olamiz. Hurmatli senatorlarimiz, mahalliy kengashlarga saylangan deputatlarimiz ana shu o‘tkir haqiqatni, o‘z zimmalaridagi ulkan mas’uliyatni chuqur anglab ish olib boradilar, deb ishonaman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu o‘rinda qayd etib o‘tish joizki, Senat o‘z faoliyatini ochiqlik va oshkoralik tamoyillariga asoslangan holda tashkil qildi. Yalpi majlislar Internet orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi. Qo‘mitalarning tadbirlari ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritildi. Yalpi majlislar jarayonining o‘zida Senat Raisi T.Norboyeva ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikrlarga ham e’tibor qaratib, muhim masalalarni e’tibordan chetda qoldirmaslikka harakat qildi.
Bu Senatning tom ma’noda xalq bilan hamjihatligini ta’minladi. Ochiqlikka to‘la rioya etilgani esa aholining qonun ijodkorligi faoliyati va muhokama qilinayotgan turli masalalardan xabardor bo‘lish, bu borada kengroq tushunchaga ega bo‘lishiga imkon yaratdi.
Senatning kecha o‘tkazilgan birinchi majlisida yuqori palata rahbariyati, qo‘mitalar raislari saylandi. Bugundan e’tiboran, Senat yangi sharoitdagi, juda mas’uliyatli yangi davrga qadam qo‘ydi.
– Davlatimiz rahbari Senat oldida turgan dolzarb vazifalarga to‘xtalar ekan, qonunlarni muhokama qilishda yangicha mexanizmlarni joriy etish zarurligi qayd etdi, – deydi Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov. – Qonun ijodkorligi jarayoniga mahalliy kengashlarni keng jalb etish, har bir qonun bo‘yicha ularning fikrini olish amaliyotini yo‘lga qo‘yish, qonunlarda hududiy va umumdavlat manfaatlari uyg‘un bo‘lishiga erishish vazifasi qo‘yildi. Shu bilan birga, mahalliy kengashlar faoliyatiga har tomonlama ko‘maklashish, aholini qiynayotgan masalalarni hal etish, mahalliy kengashlarning qarorlari qonunchilikka muvofiq bo‘lishini ta’minlashda ochiqlik va shaffoflik, qonuniylikni ta’minlash, qo‘mitalardagi eshituv instituti asoslarini qonun darajasida mustahkamlab qo‘yish, kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish borasidagi dastur va rejalarni to‘liq ro‘yobga chiqarish, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha parlament nazoratini, butun jamiyatimiz ishtirokini yanada kuchaytirish kabi ishlar belgilab berildi. Bularni bajarish senatorlardan katta mas’uliyat, oldingidan ko‘ra ko‘proq faol, tashabbuskor bo‘lishni talab qiladi. Prezidentimiz Senat qo‘mitalarini yuqori palataning yuragi, harakatlantiruvchi kuchi, deb e’tirof etdi. Har bir qo‘mita endilikda bunga chinakamiga munosib bo‘lishga, belgilangan vazifalarni to‘laqonli bajarishga bor kuch va imkoniyatini sarflaydi.
Demak, Senatning shu paytgacha shakllangan ish yuritish uslubi doirasi kengayishi bilan birga, zimmasiga mas’uliyat yanada ortdi. Bularning amalda qanday ta’minlanayotgani kelgusida ijtimoiy hayotimiz, xalqimizning turmush darajasida aks etib boradi.
Norgul Abduraimova, O‘zA