Senat: qurilish sohasida davlat nazorati kuchaytiriladi
Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasining majlisida “Qurilish sohasida davlat nazorati va boshqaruvi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun dastlabki tarzda muhokama etildi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda qurilish sohasi jadal rivojlanib, ko‘p kvartirali uylar qurilishi keskin oshgani qayd etildi.
Senatorlar qurilish sohasidagi davlat nazorati va boshqaruvini yanada takomillashtirish, binolar va inshootlarning zilzilabardoshligi va seysmik xavfsizligini kuchaytirish zarurati yuzaga kelayotganini ta’kidladi.
Zero, talafotli zilzilalar yuz berishi aholi hayotiga hamda mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmalariga jiddiy xavf soladi.
Qonun bilan Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, ko‘p kvartirali uylarni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining ruxsatnomasisiz qurganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda.
Bundan tashqari, mazkur inspeksiyaning seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi vakolatlari aniqlashtirilib, shaharsozlik hujjatlari tarkibiga master-reja tushunchasi ham kiritilmoqda.
Senatorlarning fikricha, qonun qurilish sohasidagi davlat nazorati va boshqaruvini yanada takomillashtiradi. Qurilayotgan binolar va inshootlarning zilzilabardoshligi va seysmik xavfsizligini ta’minlashga asos yaratiladi.
Qonun tegishli sub’ektlarning bu boradagi vakolatlarini aniqlashtirish bilan bir qatorda shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirishga ham xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA