Sayyor sudda muhim qarorlar qabul qilindi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani Beruniy mahalla fuqarolar yig‘ini binosida jinoyat ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudi raisi Jasurbek Baltabayev raisligida navbatdagi ochiq sayyor sud majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlis davomida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 73-moddasiga muvofiq jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilishga oid ishlar ko‘rib chiqildi. Sud tomonidan jazoni o‘tash davomida o‘zini ijobiy tomondan ko‘rsatgan, qonun talablariga rioya etgan hamda tuzalish yo‘liga o‘tgan 13 nafar mahkumga nisbatan jazoning o‘talmay qolgan qismidan muddatidan ilgari shartli ozod qilish to‘g‘risida ajrim chiqarildi.

Shu bilan birga, ularga qonun ustuvorligi va javobgarlik masalalari yuzasidan tushuntirish berildi. Xususan, shartli ozod qilingan shaxslar tomonidan yangi jinoyat sodir etilgan taqdirda, qonunchilikda belgilangan tartibda jazo kuchaytirilishi alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-martdagi “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi farmonining mazmun-mohiyati tadbir ishtirokchilariga atroflicha tushuntirildi.
Mazkur farmon doirasida xotin-qizlar va bolalarni har qanday zo‘ravonlik va tazyiqdan himoya qilish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, oilada sog‘lom muhitni shakllantirishga qaratilgan aniq mexanizmlar belgilab berilgani ta’kidlandi. Shuningdek, zo‘ravonlik holatlarini barvaqt aniqlash, ularning oldini olish va jabrlanuvchilarni ijtimoiy-qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilgani qayd etildi.
Sayyor sud majlisi va huquqiy targ‘ibot tadbiri aholi o‘rtasida huquqiy ong va madaniyatni oshirish, shuningdek, jinoyatchilikning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.