Sayyor qabul: muammolarni joyida hal etishda muhim vosita
O‘zLiDeP tomonidan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida Qonliko‘l tumanida aholi muammolarini o‘rganish va ularning yechimini topishga qaratilgan sayyor qabul tashkil etildi.
Unda O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi Sag‘indiq Turmanov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Guljan Xalmuratova, Qonliko‘l tumani hokimi Baxram Sultanov, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, partiya faollari hamda yoshlar ishtirok etdi.

Sayyor qabulda 180 nafarga yaqin fuqaro qatnashib, ular tomonidan bildirilgan 60 dan ortiq masala ko‘rib chiqildi. Murojaatlarning bir qismi joyida hal etildi. 42 ta murojaat yuzasidan esa fuqarolarga huquqiy tushuntirish va amaliy tavsiya berildi.

Qabul davomida aholini qiynayotgan bandlik, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ichki yo‘llarni ta’mirlash, chorvachilikni rivojlantirish va ijtimoiy yordam masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Murojaatlarning ijobiy hal etilishida mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda ish olib borildi.
Tadbir doirasida “Yurakka yo‘l” va “Umid” aksiyalari orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj 3 ta oilaga uy-joylarini ta’mirlash uchun 22 million so‘m mablag‘ ajratishga ko‘maklashishdi. Shuningdek, 4 nafar fuqaroni imtiyozli kredit olishga yo‘naltirish va 7 nafar fuqaroning bandligini ta’minlash bo‘yicha amaliy choralar ko‘rildi.

Bandlik masalasidagi murojaatlardan biri ijobiy hal etilgani “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Ayjamol Matjanova uchun, ayniqsa, muhim bo‘ldi. U tibbiyot kollejini tamomlagan bo‘lsa-da, uzoq vaqt davomida o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish topa olmay yurgan edi. Sayyor qabuldagi murojaatidan so‘ng deputat va mutasaddilar ko‘magida uning Qonliko‘l tumani tibbiyot birlashmasiga ishga joylashishiga yordam berildi.
– Ishsizligim sababli xorijga ishlash uchun ketishga majbur bo‘lgan edim. Ammo farzandlarimdan uzoqda yashab, ishlash menga juda qiyin edi. Sayyor qabulda ish so‘rab murojaat qildim. Deputatimiz tuman tibbiyot birlashmasi bilan bog‘lanib, mutaxassisligim bo‘yicha ishga joylashishimga ko‘maklashdi. Buning uchun barchaga minnatdorchilik bildiraman, — deydi Ayjamal Matjanova.
Bunday sayyor qabullar partiyaning aholi bilan bevosita muloqotini mustahkamlash, hududlardagi dolzarb masalalarni joyida o‘rganish va ularni hal etishda muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri