Xavfsiz dori-darmon va kuchli laboratoriya yaratishning kelgusi rejasi tasdiqlandi
Aholini sifatli va xavfsiz dori-darmon bilan ta’minlash uchun sohaning ilmiy salohiyatini oshirish, laboratoriyalarni esa jahon standartlariga moslashtirish zarur. «Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi» Ilmiy kengashining navbatdagi majlisida shu masalalar muhokama qilindi.
Professor X.Jalilov boshchiligida o‘tgan yig‘ilishda ilmiy faoliyatni rivojlantirish va yosh kadrlar tayyorlashga asosiy e’tibor qaratildi. Jumladan, tadqiqotchilar uchun markaz ehtiyojidan kelib chiqqan holda 93 ta ilmiy mavzu banki shakllantirildi. Ilmiy ishlarni ekspertizadan o‘tkazishning esa antiplagiat va 100 ballik shkalaga asoslangan yangi 6 bosqichli tartibi tanishtirildi.
Shuningdek, sohadagi ilmiy tadqiqotlarning beshta ustuvor yo‘nalishi belgilanib, Markazning 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan ilmiy-tadqiqot rejasi tasdiqlandi. Uning doirasida samaradorlikni baholovchi 16 ta indikator ishlab chiqilgan.
Yig‘ilishda kadrlar malakasini oshirish natijalari ham qayd etildi. Joriy yilda mutaxassislar uchun o‘quv tadbirlari o‘tgan yilga nisbatan ikki barobarga ko‘payib, ilmiy darajali xodimlar soni oshgan. Kelgusida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalar tadbirlarida faol ishtirok etish tavsiya qilindi.
Eng muhim vazifalardan biri markaz laboratoriyalarini JSST prekvalifikatsiyasidan o‘tkazishdir. Hozirda uskunalarni va hujjatlashtirish ishlarini xalqaro talablarga muvofiqlashtirish jadal olib borilmoqda. Bu jarayonni 2027-yil yakunigacha to‘liq tugatish ko‘zda tutilgan.
Muhokamalar yakunida kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Mohigul Qosimova, O‘zA