Sayxunobodlik o‘qituvchi 2000 dollar maosh olmoqda
Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanidagi 11-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi, tarix fani mutaxassisi Orzimat Zaripov oyiga 2000 dollar miqdorida maosh olmoqda. Bu holat qishloq maktablarida ham ta’lim sohasidagi davlat islohotlari samara berayotganining yorqin isbotidir.
So‘nggi yillarda ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, ustozlar nufuzini yuksaltirish va ularning mehnatini munosib rag‘batlantirish maqsadida Prezident tashabbusi bilan bir qator farmon va qarorlar qabul qilindi. Ularning ijrosi natijasida o‘qituvchilarning maoshi sezilarli darajada oshirildi, malaka va natijaga qarab baholashning yangi tizimi joriy etildi.

– Ilgarilari bunday maoshni faqat orzu qilardik, – deydi Orzimat Zaripov. – Hozirgi kunda davlatimiz tomonidan ta’lim sohasiga bo‘layotgan e’tibor, o‘qituvchi mehnatiga berilgan haqiqiy baho bizga katta kuch va ishtiyoq baxsh etmoqda. Bu nafaqat moddiy rag‘bat, balki ishga bo‘lgan muhabbatimizni yanada kuchaytiruvchi ruhiy qo‘llab-quvvatlash hamdir.
Orzimat Zaripov 8 yildan beri ushbu ta’lim muassasasida faoliyat yuritib kelmoqda. U darslarda zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanib, o‘quvchilarning fanga qiziqishini oshirish va mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga erishgan. Shu boisdan u tumandagi ilg‘or o‘qituvchilardan biri sifatida tan olingan.

Mazkur maktabda hozirda 732 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Ularga 52 nafar o‘qituvchi ta’lim bermoqda. Maktab Sirdaryo viloyatidagi reyting ko‘rsatkichlariga ko‘ra yetakchi o‘rinlarni egallab kelmoqda. Joriy yilda bitirgan 47 nafar o‘quvchining 60 foizi oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingani buni yana bir bor tasdiqlaydi.
– Maktabimizda “Besh muhim tashabbus” doirasida nafaqat sport, balki fan to‘garaklari ham faol yo‘lga qo‘yilgan, – deydi maktab direktori Abduxalil G‘offarov. – O‘qituvchilarimiz doimo o‘z ustida ishlab, o‘quvchilarning bilim ko‘rsatkichini oshirishga intilishmoqda. Orzimat Zaripov kabi yuqori maosh oladigan pedagoglar soni ortib borayotgani — bu tizim samaradorligining amaldagi ko‘rsatkichi. Masalan, biologiya fani o‘qituvchisi Salima Javlonova, rus tili o‘qituvchisi Dilyara Bo‘ronova va ingliz tili fani o‘qituvchisi Go‘zal Yahshiboyevalar ham ming dollardan ziyod maosh olishmoqda.
Mutaxassislar fikricha, bu kabi islohotlar nafaqat ustozlarning nufuzini oshiradi, balki qishloq maktablarida ta’lim sifatiga ham katta ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Moddiy rag‘bat va mehnatni adolatli baholash tizimi o‘qituvchilarning mas’uliyati, izlanishlari va oldinga intilishlarini kuchaytiradi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri