Saylovchini quruq va’da, hisobotlar bilan ishontirib bo‘lmaydi
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashining navbatdagi III Plenumi bo‘lib o‘tdi.
Unda partiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi a’zolari, partiyaning shahar va tuman Kengashlari raislari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi va mahalliy Kengashlardagi deputat guruhlari a’zolari, partiya faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Plenumda partiyaning 2025-2029-yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, partiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi hamda Jo‘qorg‘i Kengesdagi partiya fraksiyasining ish-rejasini tasdiqlash masalalari muhokama qilindi.
Bugungi kunda partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshlang‘ich partiya tashkilotlari soni 725 ta, partiya a’zolari soni esa 51 ming 962 nafarga yetdi. Partiyaning o‘z oldiga qo‘ygan maqsad va vazifalarini amalga oshirish bo‘yicha o‘tgan yilda 700 ga yaqin loyiha, aksiya, seminar va tadbir o‘tkazilib, ularda 32 ming nafardan ortiq fuqaro ishtirok etdi.

Xususan, partiya vakillari tomonidan “Uyma-uy”, “Xizmat – beminnat”, “Toza likopcha”, “Siyosatchi ayollar klubi” va yana boshqa saylovoldi dastur asosida tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
O‘tgan hisobot davrida elektorat manfaatlarini himoya qilish maqsadida Jo‘qorg‘i Kengesdagi partiya fraksiyasi va mahalliy Kengashlaridagi O‘zMTDP deputatlik guruhlari a’zolari tomonidan jami 239 ta deputatlik so‘rovi amalga oshirildi. Partiya deputatlik guruhlari tomonidan 22 nafar mansabdor shaxsning hisoboti tinglandi. Doimiy komissiya majlislariga 45 ta masala, mahalliy Kengashlar sessiyalariga 10 ta tashabbus olib chiqildi.

O‘tgan yil davomida partiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shahar va tuman Kengashlariga fuqarolar tomonidan jami 116 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 45 ta murojaat o‘z vaqtida ijobiy hal etilib, 39 ta murojaat bo‘yicha tegishli idora va tashkilot rahbarlariga deputatlik so‘rovi yuborilgan. Qolgan 32 masala bo‘yicha tushuncha berilgan.
Uyushmagan yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish, “Ustoz-shogird” an’anasini rivojlantirish maqsadida mahallalarda kam ta’minlangan oilalar farzandlari, vaqtincha ishsiz xotin-qizlarga qo‘shimcha bepul kasb-hunarga o‘rgatish uchun “Xizmat – beminnat” loyihasi doirasida o‘tgan yil davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 69 ta bepul o‘quv kursi tashkil qilindi. O‘quv kurslarida 230 nafar yosh va xotin-qizga qo‘shimcha bepul ta’lim va kasb hunar o‘rgatildi.

Albatta, yutuqlar bilan bir qatorda deputatlar o‘z vakolatlaridan samarali foydalangan holda tashabbuskorlikni yanada oshirishi lozimligi alohida qayd etildi.
Muxtasar aytganda, partiya guruhlari faolligi partiya dasturiy maqsadlarini samarali amalga oshirishga, elektorat manfaatlarini himoyalashga, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga xizmat qiladi. Zero, bugungi saylovchini quruq va’dalar, hisobotlar bilan ishontirib bo‘lmaydi. Siyosiy dunyoqarashi, tafakkuri tobora yuksalib borayotgan aholi xalq vakillaridan aniq ishlar, tashabbuslar kutadi. Bu esa deputatlik maqomiga sazovor har qanday kishi zimmasiga katta mas’uliyat yuklashi shubhasiz.
Plenum yakunida partiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashining 2026-yil uchun ish-rejasi va ustuvor vazifalarni bajarish bo‘yicha muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.