Bo‘sh ish o‘rinlari yuzasidan mehnat yarmarkasi o‘tkazildi
Insonni jamiyatga qayta integratsiya qilishda mehnat muhim o‘rin tutadi. Jizzax viloyatining Baxmal tumanida probatsiya nazoratidagi shaxslarning band qilish, ularni doimiy ish bilan ta’minlash va ijtimoiy hayotga faol jalb etish maqsadida mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Baxmal tumani ichki ishlar bo‘limi probatsiya guruhi tashabbusi bilan tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi hamkorligida probatsiya hisobida turgan shaxslar uchun bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi o‘tkazildi.
Tadbirning asosiy maqsadi probatsiya nazoratidagi fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularni munosib mehnat faoliyatiga jalb qilish hamda jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashishdan iborat bo‘ldi.

Yarmarka davomida tumandagi qator tashkilot va korxonalar vakillari tomonidan mavjud bo‘sh ish o‘rinlari taqdim etildi. Ishtirokchilarga mehnat bozoridagi ehtiyoj yuqori bo‘lgan kasblar, ishga qabul qilish shartlari, mehnat faoliyatini boshlash tartiblari va mavjud imkoniyatlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Tadbirning muhim jihatlaridan biri har bir ishtirokchi bilan yakka tartibda muloqot o‘tkazilganida namoyon bo‘ldi. Suhbatlar chog‘ida ularning qiziqishlari, kasbiy ko‘nikmalari va mehnat tajribasi o‘rganilib, mutaxassisligi hamda salohiyatiga mos ish o‘rinlarini tanlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Shuningdek, ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish, zamonaviy kasblarga yo‘naltirish, tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish hamda daromadli mehnat bilan band qilish masalalari yuzasidan ham tushuntirish ishlari olib borildi.
Mutaxassislar tomonidan mehnat bilan bandlik nafaqat barqaror daromad manbai, balki insonning jamiyatda munosib o‘rin egallashi, o‘z kelajagiga ishonch bilan qarashi va ijtimoiy faolligini oshirishda muhim omil ekani ta’kidlandi.

Abdujalol Qayumov,O‘zA muxbiri