Sarhadlar himoyasiga bel bog‘lagan yoshlar qasamyod qildi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrida Davlat xavfsizligi xizmati Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qismda muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yoshlarning Vatanga qasamyod qabul qilish marosimi yuqori saviya va tantanali ruhda bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimiz sarhadlari daxlsizligini ta’minlashdek sharafli burchni zimmasiga olayotgan yoshlar uchun muhim ahamiyat kasb etgan ushbu tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Chegara qo‘shinlari mas’ul ofitserlari, faxriylar, chaqiriluvchilarning ota-onalari hamda yaqinlari ishtirok etdi.
Marosim davomida harbiy xizmatga yangi chaqirilgan yoshlar Vatan sarhadlarini ishonchli qo‘riqlash, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini himoya qilish, el-yurtga sadoqat bilan xizmat qilishga qasamyod qildi. Bu lahzalar nafaqat yoshlar, balki ularning ota-onasi va yaqinlari uchun ham unutilmas va faxrli onlarga aylandi.
Tadbir davomida yangragan milliy kuy-qo‘shiqlar, harbiylar tomonidan namoyish etilgan chiqishlar marosimga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishlab, ishtirokchilar qalbida Vatanga muhabbat, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini mustahkamladi.
[gallery-28846]
Bunday tantanali tadbirlar yosh avlod qalbida vatanparvarlik, burch va mas’uliyat tuyg‘ularini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA