Sambo: Mamlakat chempionatida Samarqand va Navoiy jamoalari yetakchilikka erishdi
Toshkentda sambo bo‘yicha yoshlar o‘rtasida tashkil etilgan O‘zbekiston chempionatining shiddatli bellashuvlarida mamlakatimizning turli hududlaridan 400 nafarga yaqin mahoratli sportchi sambo va jangovar sambo yo‘nalishida, shuningdek, para sambo bahslarida g‘oliblik uchun kurash olib bordi.
Yosh sambochi qizlar o‘rtasidagi bellashuvlar sarhisobiga ko‘ra, umumjamoa hisobida 2 ta oltin, 3 ta kumush va 1 ta bronza medaliga ega chiqqan Navoiy viloyati 1-o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinlarni Surxondaryo(12-0-1), Sirdaryo (1-1-0), Qashqadaryo (1-0-0) jamoalari band etdi. Sovrinli o‘rinlarga egalik qilishda 1 ta kumush va 7 ta bronza medal sohibi bo‘lgan poytaxt jamoasi yetakchilikni qo‘lga kiritdi.

Yosh sambochi yigitlar bahsida Samarqand jamoasi 3 ta oltin, 2 ta kumush, 7 ta bronza medal jamg‘argan holda umumjamoada yetakchilikka erishgan vaziyatda, 1 tadan oltin, kumush va 3 ta bronza medali to‘plagan xorazmliklar ikkinchi pog‘onani band qildi. Keyingi qatorlar 1 tadan oltin medalni qo‘lga kiritgan Qashqadaryo va Toshkent viloyati jamoalariga tegishli bo‘ldi.

Jangovar sambo musobaqalarida poytaxt jamoasi 3 tadan oltin va bronza medallariga sazovor bo‘ldi va yuqori pog‘onani band etdi. Keyingi o‘rinlar Xorazm, Andijon va Navoiy viloyati vakillariga nasib etdi.
Chempionatda ilk bor o‘tkazilgan para sambo musobaqalarida Samarqand, Surxondaryo hamda Navoiy viloyatining matonatli sportchilari g‘alabaga bo‘lgan kuchli irodasini namoyish etdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA