Stol tennisi: "Pro-Tur-3" musobaqasida jamoalar g‘oliblik uchun kurashmoqda
Poytaxtimizda stol tennisi bo‘yicha professional sport klublari o‘rtasida davom etayotgan "Pro-Tur-3" musobaqalarida ishtirokchi jamoalar va xalqaro reyting ko‘rsatkichiga ega chet ellik sportchilar soni sezilarli darajada oshgani o‘yinlar davomida yaqqol ko‘zga tashlandi.
"Pro-Tur" musobaqalarining ikkinchi bosqich bahslarida 12 ta jamoa ishtirok etgan bo‘lsa, endilikda ular soni 17 taga yetdi. Shuningdek, ushbu jamoalarda stol tennisi rivojlangan xorijiy davlatlarning TOP-20 reytingiga kiruvchi sportchilar soni ham oshgani e’tiborli.

Ushbu ko‘rsatkichlar O‘zbekistonda stol tennisiga bo‘lgan qiziqish va ishonch ortib borayotganini, shu bilan birga mamlakatimizning xalqaro sport maydonidagi nufuzi mustahkamlanayotganini yaqqol namoyon etmoqda.
Kuni kecha guruh bosqichi o‘yinlari yakunlanib, 8 ta jamoa pley-off bosqichiga yo‘l oldi.

Bugun, 31-mart kuni “M.G.HVANA”, “SULTONOV CLUB”, “Uzgeo Club”, “MAROQAND”, “Orient”, “KSYUSHA-KATYUSHA”, “DO‘STLIK CHEMPION”, “UNITED CLUB” jamoalari o‘rtasida ikki tizim asosida o‘tkaziladigan musobaqalar davomida "Pro-Tur-3"ning g‘olib va sovrindor jamoalari aniqlanadi.
Eslatib o‘tamiz, mukofot jamg‘armasi 100 million so‘m etib belgilangan turnirda 1-o‘rinni egallagan jamoa 50 million, 2-o‘rin sohibi 25 million va 3-o‘rindan joy olgan 2 ta jamoa 12 million 500 ming so‘m pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA