Samarqanddagi “C5+1” anjumanida moliyaviy texnologiyalar rivojiga xizmat qiladigan yangiliklar ham e’lon qilinmoqda
Samarqand shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH o‘rtasidagi “C5+1” formatidagi tadbirlar doirasida “Raqamli texnologiyalar” mavzusida panel sessiyasi o‘tkazildi.
Ushbu muhim uchrashuv ikki mintaqaning davlat idoralari vakillari, nufuzli soha mutaxassislari va yetakchi kompaniyalar ishtirokidagi biznes dasturi doirasida tashkil etildi.
Dunyoda aholisi faqat smartfonlar orqali to‘lov qilishga o‘tib borayotgan mamlakatlar soni ortib bormoqda.
Tadbir doirasida ana shu yo‘nalishda ham muhim yangiliklar e’lon qilinmoqda. Xususan, “Google Cloud” kompaniyasining Davlat siyosati va davlat tashkilotlari bilan aloqalar yo‘nalishi rahbari Marchin Krasuskining ta’kidlashicha, mashhur Google Pay xizmati endi O‘zbekistonda ham rasman ishga tushirildi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Xo‘sh, bu yangilik oddiy odamlar hayotida nimani o‘zgartiradi, bu xizmat aslida nima?
Bu “Android” tizimida ishlaydigan smartfon va soatlarni xavfsiz raqamli hamyonga aylantiradigan zamonaviy xizmatdir.
Undan foydalanish juda oddiy. Bank kartasini bir marta telefondagi ilovaga bog‘lab qo‘yish kifoya. Natijada do‘kon, restoran yoki jamoat transporti kabi joylarda to‘lov qilish uchun bank plastik kartasini olib yurish shart bo‘lmay qoladi. Telefoningizni to‘lov terminaliga shunchaki yaqinlashtirishning o‘zi yetarli. To‘lov bir soniyada amalga oshadi.
Bu tizimning eng katta afzalliklaridan biri uning yuqori darajadagi xavfsizligidir.
Masalan, Google Pay to‘lov vaqtida sizning asl karta raqamlaringizni sotuvchiga ko‘rsatmaydi. Tizim har bir to‘lov uchun maxsus shifrlangan kod yaratadi. Bu degani, mablag‘laringiz va shaxsiy ma’lumotlaringiz to‘liq himoyada bo‘ladi.

Shuningdek, internet orqali xarid qilish ham ancha osonlashadi. Bunda turli sayt yoki ilovalarda mahsulot sotib olayotgan kishi ko‘p xonali karta raqamini erinmay yozib o‘tirishi shart emas. Yagona tugmani bosish orqali xaridni zudlik bilan tasdiqlash mumkin.
Mutaxassislar Google Pay xizmatining yo‘lga qo‘yilishi raqamli iqtisodiyot va zamonaviy moliyaviy texnologiyalar rivojiga xizmat qilishini ta’kidlamoqda.
Ikrom AVVALBOEV,
Sarvar O‘RMONOV(surat),O‘zA