O‘zbekiston Prezidenti Qozog‘iston bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladi
Samarqand shahrida “S5+1” formatidagi tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muxtar Tleuberdini qabul qildi.
Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston – Qozog‘iston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Prezident Administratsiyalari, parlamentlar, hukumatlar, hududlar va ishbilarmon doiralar darajasidagi faol aloqalar yuksak baholandi.
Tovar ayirboshlash hajmi izchil ortib bormoqda, sanoat, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi, qurilish va ekologiya sohalarida muhim kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Samarali madaniy-gumanitar almashinuvlar yo‘lga qo‘yilgan.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish hamda kelgusi yilga mo‘ljallangan tadbirlar rejasini shakllantirish muhimligi ta’kidlandi.
Mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.