Samarqandda yangi bunyodkorlik inshootlari va ma’rifat maskanlari qudrati uyg‘unlashmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-oktabr kuni Samarqand viloyatiga tashrif buyurdi.
An’anaga ko‘ra, davlatimiz rahbari dastlab Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini ziyorat qildi. Qur’on oyatlari o‘qilib, duolar qilindi.
Tashrif chog‘ida davlatimiz rahbariga majmuadan samarali foydalanish, uning turistik salohiyatini yanada oshirish, Imom Buxoriyning boy ilmiy merosini asrab-avaylash, o‘rganish va dunyoga targ‘ib etish orqali islom ma’rifati va ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan axborot berildi.
Mamlakatimiz yetakchisi bu ishlarni izchil davom ettirish zarurligini ta’kidladi.
– Bu ulug‘ zot bizga butun ilmlarini, bilimlarini meros qilib qoldirganlar. Biz shu ilmlarni davom ettirsak, hech qachon kam bo‘lmaymiz.
Men o‘zim ham har safar ulug‘ bobomizni ziyorat qilganimda, xalqimiz hayotiga baraka bersin, biri ikki bo‘lsin deb duo qilaman.
Biz ulug‘larimiz merosini asrash va targ‘ib qilish yo‘lida hali ko‘p ishlar qilamiz. Butun dunyodan odamlar O‘zbekistonga kelib, Islom sivilizatsiyasi markazini, Imom Buxoriy majmuasini ko‘rishi, ziyorat qilishi uchun sharoit yaratamiz, – dedi davlatimiz rahbari.
Prezidentimiz tashabbusi bilan yangidan bunyod etilgan majmua islom olamining muqaddas qadamjolaridan biri sifatida doim mahalliy va xorijlik ziyoratchilar bilan gavjum. Kompleks avval bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozir bu raqam 65 mingdan ortiqni tashkil etadi.
Majmua tarkibidagi 10 ming kishilik masjid, ulkan maqbara, har birining balandligi 75 metr bo‘lgan to‘rt minora, moviy gumbazlar inshootga o‘zgacha ulug‘vorlik baxsh etib turibdi. Ilg‘or axborot texnologiyalari asosida tashkil etilgan innovatsion muzeyda muqaddas dinimiz tarixi, payg‘ambarlar hayoti, Imom Buxoriyning muhaddislik faoliyati keng yoritilgan, noyob eksponatlar namoyish etilmoqda.
Ayni paytda majmuada ziyoratchilar uchun har tomonlama qulay sharoit, xalqaro standartlarga mos servis yo‘lga qo‘yildi. Ziyoratgoh hududida 20 dan ortiq zamonaviy mehmonxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda.
Shundan so‘ng davlatimiz rahbari Hazrati Hizr majmuasiga borib, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbarasiga gul qo‘ydi.
Qur’on oyatlari tilovat qilinib, duo o‘qildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifi davomida Qoradaryo ustidan o‘tuvchi ko‘prik qurilishi jarayoni bilan tanishdi.
Ushbu yirik inshoot transport oqimini samarali tashkil etish, harakat xavfsizligini ta’minlash va tirbandliklarni kamaytirishga qaratilgan. U yangi barpo etilayotgan “Shirin” massivini Samarqand shahri hamda xalqaro aeroport bilan bog‘laydi.
Loyiha qiymati 310 milliard so‘m bo‘lgan ko‘prikning uzunligi 780 metr, kengligi 29,8 metr, balandligi esa 12 metrni tashkil etadi. Qatnov qismi 4 tasma, kuniga 25 mingtagacha transport vositasini o‘tkazish quvvatiga ega bo‘ladi.
Yangi ob’ekt foydalanishga topshirilgach, Shirin shaharchasidan markazgacha bo‘lgan masofa 23 kilometrdan 4 kilometrga, yo‘lga ketadigan vaqt esa 30 daqiqaga qisqaradi.
Davlatimiz rahbariga loyihaning texnik yechimlari va transport oqimini boshqarish imkoniyatlari haqida axborot berildi.
Shu yerda faollar bilan suhbat bo‘ldi.
– 2016-yilda O‘zbekistonga bor-yo‘g‘i 1 million 200 ming turist kelardi. Hozir bir yilda 5 million sayyoh tashrif buyurdi. Qachon biz bunday natijalarni tasavvur qilardik? Albatta, bugun dunyo raqobat asosida rivojlanyapti. Biz ham bu raqobatda o‘z o‘rnimizni mustahkamlashimiz kerak.
Loyihalarni to‘g‘ri ishlab chiqsak, logistikani oqilona tashkil etsak, xarajatlarni qisqartiramiz, odamlarimizning uzog‘ini yaqin qilamiz. Axir bu shahar odamlar uchun-ku!
Mana shu ko‘prik mening orzularimdan biri edi. Bugun bu orzu ro‘yobga chiqdi, – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari shahar odamlar uchun xizmat qilishi kerakligi haqidagi fikrini davom ettirib, har bir insonning xalq va yurt oldidagi mas’uliyatiga to‘xtaldi.
– Kuni kecha nutqimda ham “o‘z”, “o‘zimiz”, “o‘zligimiz”, “o‘zimizniki” degan so‘zlarga qayta-qayta urg‘u berdim. “Men o‘zbekistonlikman, xalqim uchun harakat qilaman, xalqim uchun o‘qiyman, ertangi kunim uchun izlanaman” degan g‘oyalar ruhida yashashimiz kerak.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahridagi Imom Moturidiy yodgorlik majmuasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan ham tanishdi.
Davlatimiz rahbarining qaroriga muvofiq, o‘tgan yili yurtimizda Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155-yilligi keng nishonlandi. Shu munosabat bilan Chokardiza qabristoni hududidagi majmuani qayta ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari boshlangan edi.
Umumiy maydoni 10,2 gektar bo‘lgan hududda ziyoratchilar uchun yangi masjid barpo etildi. Imom Moturidiy va Burhoniddin Marg‘inoniy maqbaralari to‘liq rekonstruksiya qilindi. Majmua tarkibida alloma merosini chuqur o‘rganishga mo‘ljallangan ilmiy markaz, kutubxona va muzey tashkil etildi.
Prezidentimiz ushbu ilm maskanlarining ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.
– Bunday ilm o‘choqlarini tashkil etishdan maqsadimiz – buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganish va yoshlarimizga yetkazish. Bizga bugun bu ilm juda kerak. Bu yerda qancha yoshlarimiz Moturidiy bobomizning ming yil oldin yozgan asarlarini o‘rganadi. U zot ming yil oldin har bir masalani chuqur ilm va aniq dalillar bilan asoslab, odamlarni jaholatdan ogohlantirganlar. Ushbu asarlarni o‘rganish, ularning mazmun-mohiyatini yoshlarimizga yetkazish bugun har qachongidan ham muhim.
Ziyoratgohning kirish qismida peshtoq, tashrif buyuruvchilar uchun mehmonxonalar va avtoturargoh barpo etildi. Majmua hududiga mahalliy hamda yurtimiz iqlimiga mos xorijiy daraxt va buta ko‘chatlari ekildi.
Allomalar xotirasi yod etilib, Qur’on tilovat qilindi.
Davlatimiz rahbari majmuaga kelgan inson Imom Moturidiyning ilmiy-ma’naviy merosi va islom olamidagi o‘rni haqida tasavvurga ega bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
– Bunday buyuk qadamjolarni obod qilish zamirida katta ma’naviyat, ma’rifat, ta’lim va ilm bor. Odamlar bu yerga kelib, nafaqat ziyorat qilsin, balki bilim olsin, o‘zligini anglasin, – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari 19-oktabr kuni Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi yig‘ilishida ishtirok etadi hamda “Markaziy Osiyo – AQSH” (C5+1) muloqoti doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Samarqand viloyatiga tashrifi davom etmoqda.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
G‘olib HASANOV,
O‘zA maxsus muxbirlari